Jalaquduq tumanida yoshlar bilan ochiq va samimiy muloqotlarni yo‘lga qo‘yish, ularning muammolarini o‘z vaqtida aniqlash hamda tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda an’anaga aylangan “Payshanba – yoshlar kuni” doirasida navbatdagi uchrashuv tashkil etildi.
Tuman hokimi Hikmatullo Latipov boshchiligida o‘tkazilgan ochiq muloqotda 250 nafardan ortiq yoshlar ishtirok etdi. Uchrashuvning asosiy maqsadi yoshlar bilan bevosita muloqot qilish, ularni qiynayotgan masalalarni o‘rganish, muammolarga amaliy yechim topish hamda kelajakdagi reja va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashdan iborat bo‘ldi.
Muloqot davomida yoshlar o‘zlarini o‘ylantirayotgan masalalar yuzasidan erkin fikr bildirdi. Bandlik, tadbirkorlik, kasb-hunar o‘rganish, ta’lim, ijtimoiy ko‘mak, uy-joy va boshqa yo‘nalishlarga oid murojaatlar o‘rtaga tashlandi. Har bir murojaat tegishli soha mutasaddilari hamda mas’ullar ishtirokida atroflicha muhokama qilindi.
Ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj, “Yoshlar daftari”da turgan, turli hayotiy sharoitlar sababli qo‘llab-quvvatlashga ehtiyoj sezayotgan yigit-qizlarning murojaatlariga alohida e’tibor qaratildi. Yoshlarning ayrim muammolari uchrashuvning o‘zida tegishli tashkilotlar ko‘magida hal etildi. Qo‘shimcha o‘rganish va muayyan vaqt talab qiladigan masalalar bo‘yicha esa aniq vazifalar belgilanib, mas’ullarga topshiriqlar berildi.
Bunday uchrashuvlarning ahamiyati shundaki, yoshlar o‘z muammolarini bevosita tuman rahbariyati va mas’ullarga yetkazish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Eng muhimi, bildirilgan murojaatlar shunchaki tinglab qo‘yilmasdan, ularning amaliy yechimi yuzasidan tegishli choralar ko‘rilmoqda.
Bugungi kunda yoshlarning bilim olishi, kasb-hunar egallashi, munosib ish o‘rniga ega bo‘lishi va o‘z tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlar ularning kelajakka bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlamoqda. Shu bilan birga, yoshlarning yangi g‘oya va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojiga ham xizmat qilmoqda.
“Payshanba – yoshlar kuni” doirasidagi bu kabi ochiq muloqotlar yoshlar bilan ishlashning samarali mexanizmlaridan biriga aylanib, ularning muammolarini o‘z vaqtida aniqlash va hal etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Zero, yoshlarning bugungi muammosiga yechim topish — ularning ertangi kuniga yo‘l ochish demakdir. Faol, bilimli, tashabbuskor va vatanparvar yoshlar esa Jalaquduq tumanining kelgusi taraqqiyotini ta’minlaydigan asosiy kuchdir.
Maxammadova Bibisora,
jamoatchi muxbir.
