Ish vaqti: Dushanba - Juma 
Soat: 08:00-17:00

Bo‘ston tumanida yoshlar forumi doirasida ekologik targ‘ibot, sport va intellektual musobaqalar tashkil etildi

Bugungi kunda yosh avlodni har tomonlama sog‘lom, bilimli, faol va tabiatga mas’uliyat bilan munosabatda bo‘ladigan insonlar etib tarbiyalash jamiyat taraqqiyotining muhim omillaridan biridir. Zero, ekologik barqarorlikni ta’minlash, atrof-muhitni asrash va sog‘lom turmush tarzini keng qaror toptirishda yoshlarning o‘rni beqiyos.

Ana shu maqsadlarni ro‘yobga chiqarish, yoshlarning ekologik bilim va madaniyatini yuksaltirish, ularni jismoniy faollik hamda intellektual rivojlanishga keng jalb etish maqsadida O‘zbekiston Ekologik partiyasi Andijon viloyat Kengashi hamda partiyaning Bo‘ston tuman Kengashi hamkorligida “Yoshlar — yashil taraqqiyot va sog‘lom hayot tarafdori” mavzusida yoshlar forumi tashkil etildi.

Forum doirasida yoshlarning dunyoqarashini kengaytirish, ekologik muammolarga nisbatan mas’uliyat hissini shakllantirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etishga qaratilgan qator ma’naviy-ma’rifiy, sport hamda intellektual tadbirlar o‘tkazildi.

Jumladan, 13-oktyabr — Xalqaro tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish kuni munosabati bilan “Tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish: ekologik barqarorlik va aholi xavfsizligini ta’minlashning zamonaviy yondashuvlari” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Unda O‘zbekiston Ekologik partiyasi Andijon viloyat Kengashi xodimlari, deputatlar, o‘rmon xo‘jaligi vakillari hamda sohaga mas’ul mutaxassislar ishtirok etdi.

Davra suhbati davomida o‘quvchi-yoshlarga tabiiy ofatlarning kelib chiqish sabablari, ularning oldini olish va xavfini kamaytirish choralari, ekologik muvozanatni saqlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish hamda aholi xavfsizligini ta’minlash borasida atroflicha ma’lumotlar berildi. Shuningdek, tabiiy ofatlar xavfini kamaytirishda ekologik madaniyat, profilaktik tadbirlar va jamoatchilik faolligining ahamiyati alohida ta’kidlandi.

Forumning navbatdagi tadbiri yoshlarni jismoniy faollikka chorlashga qaratildi. “Salomatlik uchun 5000 qadam” shiori ostida tashkil etilgan yurish aksiyasida yoshlar faol ishtirok etdilar.

Aksiya davomida ishtirokchilar piyoda yurishning inson salomatligi uchun foydali jihatlari, jismoniy faollikning kundalik hayotdagi ahamiyati haqida fikr almashdilar. Ushbu tashabbus yoshlar o‘rtasida sog‘lom odatlarni shakllantirish, sport va faol hayot tarzini ommalashtirish hamda salomatlikka mas’uliyat bilan yondashishni targ‘ib etishga xizmat qildi.

Shuningdek, forum doirasida xotin-qizlar va yoshlar ishtirokida voleybol musobaqasi ham tashkil etildi. Qiziqarli va murosasiz kechgan sport bellashuvlarida ishtirokchilar o‘zlarining chaqqonligi, jismoniy tayyorgarligi va jamoaviy hamkorlik ko‘nikmalarini namoyon etdilar.

Musobaqa davomida do‘stlik, hamjihatlik va o‘zaro birdamlik muhiti hukm surdi. Mazkur sport tadbiri orqali xotin-qizlar va yoshlarni jismoniy tarbiya hamda sportga keng jalb etish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil qilish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratildi.

Forumning yana bir e’tiborli tadbiri yoshlar o‘rtasida shaxmat musobaqasi bo‘ldi. Intellektual bellashuvda ishtirokchilar o‘zlarining mantiqiy fikrlash qobiliyati, strategik yondashuvi, sabr-toqati va aqliy salohiyatlarini sinovdan o‘tkazdilar.

Murosasiz va qiziqarli kechgan musobaqa yakunida g‘oliblar aniqlanib, ularga O‘zbekiston Ekologik partiyasining kuboklari topshirildi. Bu esa yoshlarning intellektual salohiyatini namoyon etish, shaxmatga bo‘lgan qiziqishini oshirish hamda bilim va tafakkurini rivojlantirish uchun o‘ziga xos rag‘bat bo‘ldi.

Ta’kidlash joizki, mazkur forum doirasida tashkil etilgan tadbirlar bir-birini mazmunan to‘ldirib, yoshlar hayotining muhim yo‘nalishlarini qamrab oldi. Davra suhbati orqali ekologik bilim va xavfsizlik madaniyati mustahkamlangan bo‘lsa, yurish aksiyasi hamda voleybol musobaqasi jismoniy faollikni oshirishga, shaxmat bellashuvi esa intellektual salohiyatni rivojlantirishga xizmat qildi.

Bunday tadbirlarning ahamiyati shundaki, yoshlar nafaqat ekologik muammolar haqida bilim oladilar, balki o‘zlari ham sog‘lom, faol va mas’uliyatli hayot tarzining targ‘ibotchisiga aylanadilar. Tabiatni asrash, yashil hududlarni ko‘paytirish, suv va boshqa tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, chiqindilarni to‘g‘ri boshqarish kabi masalalarda yoshlarning tashabbuskorligi kelajakdagi ekologik barqarorlik uchun muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi.

O‘zbekiston Ekologik partiyasi Andijon viloyat va Bo‘ston tuman Kengashlari hamkorligida tashkil etilgan ushbu yoshlar forumi yosh avlodning ekologik ongi va madaniyatini yuksaltirish, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, sportga qiziqishini oshirish hamda intellektual salohiyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan muhim tashabbuslardan biri bo‘ldi.

Zero, yashil taraqqiyot faqat bugungi ekologik muammolarni hal etish bilangina emas, balki tabiatga befarq bo‘lmagan, sog‘lom fikrlaydigan, faol va tashabbuskor avlodni tarbiyalash bilan ham chambarchas bog‘liq.

Azamat Jo'rayev,
O‘zbekiston Ekologik partiyasi Bo‘ston tuman Kengashi raisi.

Scroll to Top