Suv resurslaridan oqilona foydalanish va zamonaviy agrotexnologiyalarni qo‘llash — e’tibor markazida
Bugungi kunda qishloq xo‘jaligida zamonaviy agrotexnologiyalarni keng joriy etish, mahsulot yetishtirish samaradorligini oshirish bilan bir qatorda, ekologik muvozanatni saqlash va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, issiqxona xo‘jaliklarida suvni tejash, tuproq unumdorligini asrash, sanitariya-gigiyena talablariga rioya qilish hamda atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytirish dolzarb vazifalardan biridir.
Ana shu masalalarni o‘rganish maqsadida O‘zbekiston Ekologik partiyasi Ulug‘nor tuman Kengashi deputati B. Avliyaqulov hamda partiya raisi I. Xayitboyev tomonidan tumandagi yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan tashkil etilgan issiqxona faoliyati bilan yaqindan tanishildi.
O‘rganish davomida issiqxonada pomidorning yangi navlarini ekish, ularni parvarishlash, yetishtirish jarayonida qo‘llanilayotgan usullar hamda mavjud agrotexnik tadbirlarning tashkil etilishi bilan bog‘liq ishlar ko‘zdan kechirildi. Tadbirkorlar tomonidan mahsulot yetishtirish, ekinlarning o‘sishi va rivojlanishi uchun yaratilgan sharoitlar haqida ma’lumotlar berildi.
Ayniqsa, issiqxona faoliyatida zamonaviy agrotexnologiyalardan foydalanish, sug‘orish tizimining samaradorligi va suv resurslarini tejash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Ma’lumki, qishloq xo‘jaligida suv eng muhim tabiiy resurslardan biri bo‘lib, undan me’yorida va samarali foydalanish nafaqat hosildorlikni ta’minlash, balki ekologik barqarorlikni saqlashda ham muhim o‘rin tutadi.
Shu bois issiqxonalarda tomchilatib sug‘orish kabi suv tejovchi texnologiyalardan foydalanish, sug‘orish jarayonida suv isrofgarchiligining oldini olish va ekinlarning ehtiyojidan kelib chiqib suv bilan ta’minlash muhimligi ta’kidlandi.
Shuningdek, o‘rganish jarayonida issiqxona hududining sanitariya holati, chiqindilarni to‘g‘ri boshqarish, ishlab chiqarish jarayonida atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan omillarning oldini olish masalalari ham muhokama qilindi. Issiqxona faoliyatida ekologik talablarga rioya etish, hududning ozodaligini saqlash va foydalaniladigan resurslarga mas’uliyat bilan munosabatda bo‘lish zarurligi qayd etildi.
Ta’kidlash joizki, issiqxona xo‘jaliklari oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish, aholini sifatli va yangi sabzavot mahsulotlari bilan ta’minlash hamda tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishda muhim o‘rin tutadi. Biroq bu jarayonda iqtisodiy samaradorlik bilan bir qatorda ekologik xavfsizlik talablariga ham amal qilish lozim. Chunki bugungi kunda erishilayotgan natijalar kelajak avlodlarning tabiiy resurslardan foydalanish imkoniyatlariga zarar yetkazmasligi kerak.
O‘zbekiston Ekologik partiyasi Ulug‘nor tuman Kengashi vakillari tomonidan amalga oshirilgan mazkur o‘rganish ham tadbirkorlik faoliyatida ekologik mas’uliyatni kuchaytirish, suv resurslaridan samarali foydalanish va atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan ishlarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.
Kelgusida ham qishloq xo‘jaligi subyektlari faoliyatida ekologik talablarning bajarilishiga e’tibor qaratish, suv tejovchi texnologiyalarni keng targ‘ib qilish va tabiatga ehtiyotkorona munosabatni shakllantirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Zero, mo‘l hosil yetishtirish bilan birga tabiatni asrash, suvni tejash va ekologik tozalikni ta’minlash ham har bir tadbirkorning muhim mas’uliyatidir.
Ismoiljon Xayitboyev,
O‘zbekiston Ekologik partiyasi Ulug‘nor tuman Kengashi
