Bugungi kunda hududlarni obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish va yashil maydonlarni kengaytirish ekologik barqarorlikni ta’minlashning muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bu borada ko‘chat yetishtirishga ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklarining faoliyati, ularning imkoniyatlaridan samarali foydalanish alohida ahamiyat kasb etadi. Zero, har bir ekilgan nihol kelajakda yashil hududlarning ko‘payishi, atrof-muhit musaffoligi va tabiat muvozanatini saqlashga xizmat qiladi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Navro‘zbek Yusupov Andijon viloyat partiya tashkiloti mas’ullari bilan birgalikda Paxtaobod tumanidagi “Pushmon” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida faoliyat yuritayotgan Saydullo Temirov fermer xo‘jaligida bo‘ldi. O‘rganish davomida xo‘jalikda yo‘lga qo‘yilgan ko‘chat yetishtirish faoliyati, mavjud imkoniyatlar va bu borada yaratilgan sharoitlar bilan tanishildi.
11 gektar yer maydoniga ega mazkur xo‘jalikda daraxt va butalarning 100 dan ortiq turiga mansub ko‘chatlar parvarishlanmoqda. Shuningdek, xorijiy davlatlardan keltirilgan 30 dan ortiq turdagi manzarali daraxt ko‘chatlarini yetishtirish ham yo‘lga qo‘yilgan. Bu esa xo‘jalikda ko‘chatlarning tur va navlarini ko‘paytirish, hududlarni ko‘kalamzorlashtirish uchun zarur bo‘lgan manzarali o‘simliklar yetishtirish imkoniyatlari mavjudligini ko‘rsatadi.
Tanishuv jarayonida ko‘chat yetishtirishga ixtisoslashgan bunday xo‘jaliklarning hududlarni obodonlashtirish va yashil maydonlarni kengaytirishdagi o‘rni xususida fikr almashildi. Ayniqsa, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida sifatli, turli navdagi daraxt ko‘chatlariga bo‘lgan ehtiyojni ta’minlashda fermer xo‘jaliklari faoliyatini rivojlantirish muhimligi qayd etildi.
Ta’kidlash joizki, ko‘kalamzorlashtirish ishlari faqat ko‘chat ekish bilan cheklanmaydi. Ekilgan daraxtlarni parvarishlash, ularning yashab ketishini ta’minlash va yashil hududlarni asrab-avaylash ham doimiy e’tibor talab qiladi. Shu jihatdan, ko‘chat yetishtirish bilan shug‘ullanuvchi xo‘jaliklar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash ekologik tashabbuslarning izchil davom etishida muhim o‘rin tutadi.
Deputat Navro‘zbek Yusupovning mazkur xo‘jalikdagi o‘rganishlari ko‘chat yetishtirish sohasidagi mavjud imkoniyatlar bilan tanishish, yashil hududlarni kengaytirishga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga qaratildi. Bunday o‘rganishlar ekologik masalalarga e’tiborni kuchaytirish, ko‘kalamzorlashtirish yo‘nalishidagi faoliyatni rivojlantirish va “Yashil makon” umummilliy loyihasi ijrosiga munosib hissa qo‘shishga xizmat qiladi.
Muhammadrasul Mamatqulov,
O‘zbekiston Ekologik partiyasi Andijon viloyat Kengashi matbuot kotibi.
