Yoshlarni zararli illatlardan asrash, ularning kelajagi va salomatligini himoya qilish — ustuvor vazifa
Bugungi kunda yosh avlodni sog‘lom, ma’nan yetuk, keng dunyoqarashli va hayotda o‘z mustaqil pozitsiyasiga ega insonlar etib tarbiyalash muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Ayniqsa, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, ularni turli zararli odatlardan asrash, giyohvandlik kabi inson salomatligi va jamiyat kelajagiga jiddiy xavf tug‘diruvchi illatlarga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirish dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Ana shu maqsadda O‘zbekiston Ekologik partiyasi Oltinko‘l tuman Kengashi tashabbusi bilan tumandagi 22-sonli umumta’lim maktabining bitiruvchi o‘quvchilari ishtirokida “Giyohvandlikka qarshi — sog‘lom hayot tarafdorimiz!” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirda yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, giyohvandlikning inson hayoti, salomatligi va kelajagiga ko‘rsatadigan salbiy ta’siri, shuningdek, ushbu illatning oldini olishda ta’lim-tarbiya, oilaviy muhit va jamoatchilikning o‘rni haqida atroflicha fikr-mulohazalar bildirildi.
Davra suhbati davomida giyohvandlik insonning nafaqat jismoniy salomatligiga, balki ruhiy holati, ijtimoiy hayoti, oilaviy munosabatlari va kelajakdagi maqsadlariga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi ta’kidlandi. Ayniqsa, yoshlik davrida noto‘g‘ri qarorlar va zararli odatlarga berilish inson hayotida jiddiy muammolarni keltirib chiqarishi mumkinligi haqida tushunchalar berildi.
Shu bilan birga, o‘quvchilarga turli zararli takliflarga aldanmaslik, shubhali muhit va salbiy ta’sirlardan uzoq bo‘lish, bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, sport, kitobxonlik, ilm-fan va foydali mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanishning ahamiyati tushuntirildi. Hayotda aniq maqsad belgilash, mustaqil fikrlash va har qanday vaziyatda to‘g‘ri qaror qabul qilish sog‘lom kelajakning muhim omillari ekanligi qayd etildi.
Ayniqsa, maktab bitiruvchilari uchun bunday uchrashuvlarning ahamiyati katta. Chunki bu davr yoshlarning kelajak kasbini tanlashi, mustaqil hayotga qadam qo‘yishi va o‘z oldiga muhim maqsadlar qo‘yishi bilan xarakterlanadi. Shu bois ularni zararli illatlardan ogohlantirish, hayotiy bilim va ko‘nikmalarini oshirish, sog‘lom hayot tamoyillariga amal qilishga undash muhimdir.
Ta’kidlash joizki, giyohvandlikka qarshi kurashish faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlar yoki tegishli tashkilotlarning vazifasi emas. Bu borada oila, ta’lim muassasalari, mahalla, jamoatchilik va keng targ‘ibot-tashviqot ishlarining hamkorligi muhim o‘rin tutadi. Yoshlarning muammolariga befarq bo‘lmaslik, ularning qiziqish va intilishlarini qo‘llab-quvvatlash, sog‘lom muhit yaratish orqali ko‘plab salbiy holatlarning oldini olish mumkin.
Mazkur davra suhbati ham yoshlarning mavzu yuzasidan bilim va tushunchalarini kengaytirish, ularda zararli odatlarga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish hamda sog‘lom turmush tarziga bo‘lgan intilishni kuchaytirishga xizmat qildi.
Zero, sog‘lom avlod — jamiyatning eng katta boyligi. Har bir yosh o‘z salomatligini asrashi, vaqtini qadrlashi, bilim va kasb-hunar egallashga intilishi hamda hayotda faqat ezgu maqsadlar sari odimlashi lozim.
Unutmang, sog‘lom hayot — ongli tanlov! Giyohvandlikka qarshi kurashish, yoshlar kelajagini himoya qilish va sog‘lom avlodni tarbiyalash barchamizning umumiy vazifamizdir.
Iqboljon Burxonov,
O‘zbekiston Ekologik partiyasi Oltinko‘l tuman Kengashi raisi.
