Prezidentimizning 2026-yil 23-sentabrdagi PF-206-sonli Farmoni hamda 2026-yil 21-iyul kuni hududlar va tarmoqlarda iqtisodiy o‘sishni ta’minlash bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Xonobod shahrida “Tozalik va ozodalik — dolzarb ikki oyligi” doirasida keng ko‘lamli obodonlashtirish va tozalash ishlari olib borilmoqda. Mazkur tadbirlar shahar hududlarida sanitariya holatini yaxshilash, mavjud ekologik muammolarni bartaraf etish, aholi uchun yanada qulay va sog‘lom yashash muhitini yaratishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
O‘zbekiston Ekologik partiyasi Xonobod shahar Kengashi tashabbusi bilan “Teyit” MFY hududida Ekologiya bo‘limi, Mahallalar uyushmasi hamda Obodonlashtirish bo‘limi vakillari hamkorligida navbatdagi tozalash va obodonlashtirish ishlari tashkil etildi. Jarayon davomida mahalla hududining umumiy sanitariya holatiga e’tibor qaratilib, aholi yashash joylari, ko‘p qavatli uylar atrofi va jamoat foydalanishidagi hududlarda ozodalikni ta’minlash bo‘yicha ishlar amalga oshirildi. Shuningdek, atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan kamchiliklarni aniqlash va ularni bartaraf etish masalalari ham tadbir ishtirokchilarining diqqat markazida bo‘ldi.
Tadbir doirasida aholi punktlari, mahallalar, ko‘p qavatli turar joylar atrofi, ijtimoiy soha obyektlari, avtomobil yo‘llari va boshqa jamoat joylarining sanitariya holatini yaxshilash, hududlarni tartibga keltirish hamda obodonlashtirishga alohida e’tibor qaratildi. Bunday ishlar nafaqat hududlarning tashqi ko‘rinishini yaxshilash, balki aholining salomatligi va ekologik xavfsizligini ta’minlashda ham muhim o‘rin tutadi.
Ayniqsa, tozalik va ozodalikni saqlash faqat tegishli tashkilotlarning vazifasi emas, balki har bir fuqaroning kundalik mas’uliyati ekanini keng targ‘ib etish muhimdir. Shu bois bunday tadbirlar jarayonida jamoatchilik faolligini oshirish, mahalla aholisi o‘rtasida ekologik madaniyatni shakllantirish va atrof-muhitga befarq bo‘lmaslik tamoyillarini mustahkamlashga ham e’tibor qaratish lozim.
O‘zbekiston Ekologik partiyasi Xonobod shahar Kengashi hamkor tashkilotlar bilan birgalikda hududlarda ekologik barqarorlikni ta’minlash, obodonlashtirish ishlarini qo‘llab-quvvatlash va aholining ekologik mas’uliyatini oshirishga qaratilgan tashabbuslarni davom ettiradi. Zero, ozoda mahalla, obod ko‘cha va toza atrof-muhit — farovon hayotning muhim shartlaridan biridir.
Abdurahim Abduraxmonov,
O‘zbekiston Ekologik partiyasi Xonobod shahar Kengashi raisi.
