Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar institutida huquqshunoslik yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar ishtirokida sud-huquq tizimidagi yangilanishlar va qonunchilikdagi o‘zgarishlarga bag‘ishlangan ochiq muloqot tashkil etildi. Unda Jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon tuman sudi raisi N. Parpiyev, tuman sudyasi M. Mashrapov hamda tergov sudyasi Sh.Vahobov ishtirok etdi.
Muloqot davomida mamlakatimizda sud-huquq tizimini takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, sudlarning fuqarolar huquq va erkinliklarini himoya qilishdagi o‘rni, qonun ustuvorligini ta’minlash masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashildi. Talabalarga kelajakdagi kasbiy faoliyatlarida zarur bo‘ladigan huquqiy bilim va amaliy tavsiyalar berildi. Shuningdek, ularni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javob qaytarildi.

Shundan so‘ng Jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon tuman sudida tuman sudi, Andijon tumani Probatsiya guruhi hamda mutasaddi tashkilotlar hamkorligida sayyor sud majlisi o‘tkazildi. Mazkur sud majlisidan ko‘zlangan asosiy maqsad probatsiya nazorati ostidagi shaxslarning xulq-atvori, jazo o‘tash davridagi faoliyati, mehnatga munosabati hamda qonunchilik talablariga rioya etish holatini o‘rganishdan iborat bo‘ldi.
Sayyor sud majlisida Andijon tumani Probatsiya guruhi hisobida turuvchi, ozodlikni cheklash va axloq tuzatish ishlari jazolarini o‘tayotgan 26 nafar mahkumga oid masalalar ko‘rib chiqildi. Jumladan, ularni jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari ozod qilishga doir taqdimnomalar muhokama qilindi. Har bir mahkumning jazo o‘tash davridagi xulqi, belgilangan tartib-qoidalarga rioya qilishi, mehnat faoliyatiga munosabati, oilasi va jamiyat bilan aloqalari, shuningdek, probatsiya nazorati davomida erishgan ijobiy natijalari alohida o‘rganildi.

Muhokamalar yakunida 23 nafar mahkumni jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari ozod qilish masalasi ijobiy hal etildi. Bunda ularning jazo davomida o‘z xulqi bilan tuzalish yo‘liga o‘tganligi, qonunchilik talablariga rioya qilgani va jamiyatga qayta moslashish borasida erishgan natijalari inobatga olindi.
Shu bilan birga, jazo o‘tash tartibi va qonunchilik talablarini buzgan 3 nafar mahkumga oid masalalar ham ko‘rib chiqildi. Ularning xatti-harakatlariga huquqiy baho berilib, sud qaroriga asosan tayinlangan jazolari og‘irroq turdagi jazo bilan almashtirildi.

Tadbir davomida probatsiya institutining asosiy vazifalari, jazo o‘tayotgan shaxslarni ijtimoiy hayotga qayta moslashtirish, ularning bandligini ta’minlash hamda takroriy huquqbuzarliklarning oldini olish masalalariga ham e’tibor qaratildi. Mahkumlarga qonunchilikda belgilangan huquq va majburiyatlarga rioya etish, mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish, probatsiya organlari bilan hamkorlik qilish va kelgusida huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan tushuntirishlar berildi.
Darhaqiqat, probatsiya tizimining samarali faoliyati faqat jazo ijrosini nazorat qilish bilangina cheklanmaydi. Uning muhim vazifalaridan biri — shaxsni tuzalish yo‘liga yo‘naltirish, jamiyatga qayta moslashishiga ko‘maklashish va takroriy jinoyatlarning oldini olishdir. Shu jihatdan sayyor sud majlislari har bir mahkumning holatiga individual yondashish, qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda ijobiy o‘zgarishlarni rag‘batlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Andijon tumani IIB Probatsiya guruhi katta inspektori,
katta leytenant Nizomiddin Tashpo‘latov.
