Ish vaqti: Dushanba - Juma 
Soat: 08:00-17:00

Yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, kasb-hunarga yo‘naltirish va bandligini ta’minlash bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biridir. Ayniqsa, oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kira olmagan yoshlarni mehnat bozoriga jalb etish, ularga munosib ish o‘rinlarini topishda ko‘maklashish muhim ahamiyat kasb etadi.

Shu maqsadda O‘zbekiston Ekologik partiyasi Xo‘jaobod tuman partiya tashkiloti raisi X. Axmedov tomonidan partiyaning “Yosh ekologlar” qanoti hamkorligida amaliy tadbir tashkil etildi.

Tadbir davomida o‘qishga kira olmagan bitiruvchi yoshlar tuman markazidagi savdo ofislari hamda telefon ta’mirlash ustaxonalariga olib borilib, u yerdagi mavjud ish o‘rinlari bilan yaqindan tanishtirildi. Yoshlarning qiziqish va qobiliyatlari inobatga olinib, ularni munosib ish bilan ta’minlash bo‘yicha amaliy ko‘mak ko‘rsatildi.

Shuningdek, yoshlar bilan samimiy suhbatlar o‘tkazilib, ularning qiziqishlari, istaklari, kelgusidagi rejalari va egallamoqchi bo‘lgan kasblari haqida fikr almashildi. Ularga mehnat qilish, kasb-hunar o‘rganish va o‘z ustida muntazam ishlash orqali kelajakda munosib o‘rin egallash mumkinligi haqida tavsiyalar berildi.

— Yoshlar bizning kelajagimiz. Ularning o‘z qobiliyatini namoyon etishi, kasb-hunar egallashi va jamiyatda munosib o‘rin topishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish barchamizning vazifamizdir. Ayniqsa, o‘qishga kira olmagan yoshlarni e’tibordan chetda qoldirmasdan, ularning bandligini ta’minlashga ko‘maklashish muhim, — deydi O‘zbekiston Ekologik partiyasi Xo‘jaobod tuman partiya tashkiloti raisi X. Axmedov.

Darhaqiqat, bunday amaliy tashabbuslar yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bilan birga, ularni mehnatga, kasb-hunarga va mustaqil hayotga tayyorlashga xizmat qiladi. Eng muhimi, har bir yoshga o‘z imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishi uchun yo‘l ko‘rsatish, uni qo‘llab-quvvatlash kelajakda faol va tashabbuskor avlodni shakllantirishda muhim omildir.

Xo‘jaobod tumanida amalga oshirilayotgan bu kabi ezgu tashabbuslar yoshlarning bandligini ta’minlash, ularning jamiyat hayotidagi faolligini oshirish va kelajakka bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Xusanboy Axmedov,
O‘zbekiston Ekologik partiyasi Xo‘jaobod tuman Kengashi raisi.

Scroll to Top