Yosh avlodni ma’nan barkamol, jismonan sog‘lom va vatanparvar ruhda tarbiyalash, ularning yozgi ta’til davrini mazmunli tashkil etish bugungi kunning muhim vazifalaridan biri hisoblanadi. Ayniqsa, bolalarning bo‘sh vaqtini samarali tashkil etish, ularni sportga, sog‘lom turmush tarziga va jamoaviy hamjihatlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan tadbirlar yoshlar kamolotida muhim o‘rin tutadi.
Shu maqsadda O‘zbekiston Ekologik partiyasi Bo‘ston tuman Kengashi tashabbusi bilan tumandagi "Quyoshcha" bolalar oromgohida "Dolzarb 90 kun" dasturi doirasida ma’naviy-ma’rifiy hamda sport tadbiri tashkil etildi.
Tadbirda oromgohda dam olayotgan bolalar faol ishtirok etib, ular uchun qiziqarli sport musobaqalari, jamoaviy bellashuvlar va ma’naviy-ma’rifiy chiqishlar uyushtirildi. Musobaqalar davomida ishtirokchilar chaqqonlik, epchillik, jamoada ishlash ko‘nikmasi va sog‘lom raqobat tamoyillarini namoyon etishdi. Har bir shart bolalarning jismoniy faolligini oshirish, muloqot madaniyatini rivojlantirish hamda o‘zaro do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qildi.
Tadbir davomida yoshlar bilan sog‘lom turmush tarzining ahamiyati, ekologik madaniyatni yuksaltirish, tabiatni asrash, atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish hamda bo‘sh vaqtni mazmunli tashkil etish masalalari yuzasidan suhbatlar ham o‘tkazildi. Ishtirokchilarga sport bilan muntazam shug‘ullanish, tabiat qo‘ynida faol hordiq chiqarish va ekologik toza muhitni asrashning inson salomatligi uchun ahamiyati haqida tushunchalar berildi.
Sport musobaqalarida faol qatnashib, yuqori natijalarni qo‘lga kiritgan bolalar tashkilotchilar tomonidan esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Rag‘batlantirish marosimi bolalarda yanada katta ishtiyoq uyg‘otib, ularni kelgusida ham sport va jamoat tadbirlarida faol qatnashishga ruhlantirdi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bunday ma’naviy-ma’rifiy va sport tadbirlari bolalarning jismoniy salomatligini mustahkamlash, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ijtimoiy faolligini oshirish, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish hamda ekologik madaniyatni yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston Ekologik partiyasi tomonidan amalga oshirilayotgan bu kabi tashabbuslar yosh avlodni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning iqtidor va salohiyatini ro‘yobga chiqarish, sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish hamda ekologik qadriyatlarni keng targ‘ib etishga xizmat qilmoqda.
Azamat Jo'rayev,
O‘zbekiston Ekologik partiyasi Bo‘ston tuman Kengashi raisi.
