Ish vaqti: Dushanba - Juma 
Soat: 08:00-17:00

Fuqarolarning ekologik muammolar bilan bog‘liq murojaatlarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqish va ularning yechimini topish ekologik xavfsizlikni ta’minlash, hududlarning sanitariya holatini yaxshilash hamda aholining yashash sharoitini yanada qulaylashtirishda muhim omillardan biridir. Shu bois O‘zbekiston Ekologik partiyasi tomonidan joylarda jamoatchilik nazorati va murojaatlar bilan ishlash tizimiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Ana shunday murojaatlardan biri O‘zbekiston Ekologik partiyasi Ulugʻnor tuman Kengashi hamda xalq deputatlari Ulugʻnor tuman Kengashi deputati B. Avliyaqulovga Terakzor mahalla fuqarolar yig‘ini hududida istiqomat qiluvchi fuqaro S. Dehqonov tomonidan yo‘llandi. Murojaatda mahallada maishiy chiqindilar o‘z vaqtida olib chiqilmayotgani, buning natijasida chiqindilar to‘planib qolib, hududning sanitariya-ekologik holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani bayon etilgan.

Murojaat asosida mas’ullar ishtirokida hududga chiqilib, ekoreyd tashkil etildi. O‘rganish davomida aholi tomonidan chiqarilgan maishiy chiqindilar belgilangan joylarda to‘planib qolganligi, hududga biriktirilgan chiqindi tashish maxsus texnikasi esa xizmatni belgilangan muddatlarda amalga oshirmayotgani aniqlandi. Bu holat nafaqat hududning obodonchilik darajasiga, balki aholining sanitariya va ekologik xavfsizligiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi qayd etildi.

Shundan so‘ng muammoni joyida bartaraf etish maqsadida chiqindilarni olib chiqish xizmatini ko‘rsatuvchi tuman Feorenzo MChJ vakillari ishtirokida qo‘shimcha o‘rganish ishlari olib borildi. Muhokamalar davomida xizmat ko‘rsatishdagi kamchiliklarning sabablari tahlil qilinib, ularni bartaraf etish yuzasidan zarur chora-tadbirlar belgilandi.

Mas’ullarga maishiy chiqindilarni belgilangan grafik asosida o‘z vaqtida olib chiqishni ta’minlash, maxsus texnikalar faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish, xizmat sifatini oshirish hamda kelgusida bunday holatlarning takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi. Shuningdek, mahalla aholisi bilan chiqindilarni belgilangan joylarga chiqarish, hududlarni ozoda saqlash va ekologik madaniyatni yuksaltirish yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi.

Bugungi kunda maishiy chiqindilarni to‘g‘ri boshqarish, ularni o‘z vaqtida olib chiqish va hududlarning sanitariya holatini saqlash ekologik barqarorlikni ta’minlashning muhim shartlaridan biridir. Bu borada davlat organlari, xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar va fuqarolarning o‘zaro hamkorligi alohida ahamiyat kasb etadi.

O‘zbekiston Ekologik partiyasi tomonidan fuqarolardan kelib tushayotgan ekologik mazmundagi murojaatlar doimiy nazoratga olinib, ularni joyida o‘rganish, mavjud muammolarni bartaraf etish hamda atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan amaliy ishlar izchil davom ettirilmoqda. Bu kabi jamoatchilik nazorati tadbirlari hududlarda ekologik muammolarni tezkor aniqlash, mas’ul tashkilotlar faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish va fuqarolarning sog‘lom hamda qulay ekologik muhitda yashashini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Ismoiljon Hayitboyev,
O‘zbekiston Ekologik partiyasi Ulugʻnor tuman Kengashi raisi.

Scroll to Top