Ish vaqti: Dushanba - Juma 
Soat: 08:00-17:00

Inson salomatligi va hayot sifati ko‘p jihatdan atrof-muhit holatiga bog‘liq. Shu bois ekologik madaniyatni yuksaltirish, xonadonlarda va mahallalarda tozalikni ta’minlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish masalalari bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biridir.

Ana shu maqsadda O‘zbekiston Ekologik partiyasi Asaka tuman Kengashi tomonidan tumandagi “Ekologiya va salomatlik” ayollar klubi hamkorligida “Toza atrof-muhit — sog‘lom oila garovi” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Tadbirda ayollar klubi a’zolari, faollar hamda ekologik masalalarga qiziquvchi ishtirokchilar qatnashdi. Uchrashuv davomida atrof-muhitning inson salomatligiga ta’siri, ekologik muammolarning oldini olish, oilalarda sog‘lom va ekologik xavfsiz turmush tarzini shakllantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Davra suhbatida xonadonlarda maishiy chiqindilarni to‘g‘ri boshqarish, ularni saralash, chiqindilarni kamaytirish, havo va suv tozaligini saqlash, yashil hududlarni kengaytirish hamda tabiatga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishning ahamiyati haqida batafsil tushuntirishlar berildi.

Tadbir ishtirokchilari ta’kidlaganidek, ekologik madaniyat avvalo oiladan boshlanadi. Har bir xonadonda tozalik va ozodalikka rioya qilish, farzandlarga tabiatni asrash ko‘nikmalarini singdirish orqali jamiyatda ekologik mas’uliyatni yanada oshirish mumkin.

Shuningdek, ishtirokchilarga O‘zbekiston Ekologik partiyasining atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik madaniyatni rivojlantirish, fuqarolarning ekologik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda hududlarda ekologik barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan loyihalari va tashabbuslari haqida ma’lumot berildi.

Tadbir yakunida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar berildi. Shuningdek, xonadonlar va mahallalarda ekologik tozalikni ta’minlash, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar bildirildi.

Mazkur tadbir ekologik bilim va ko‘nikmalarni oshirish, ayollar faolligini kuchaytirish hamda jamiyatda sog‘lom va ekologik mas’uliyatli muhitni shakllantirishga xizmat qildi.

Sarvarbek To'xtasinov,
O‘zbekiston Ekologik partiyasi Asaka tuman Kengashi raisi.

Scroll to Top