Ish vaqti: Dushanba - Juma 
Soat: 08:00-17:00

Bugungi kunda jamiyatda ma’naviy qadriyatlarni mustahkamlash, kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish hamda ekologik ong va tafakkurni shakllantirish muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Ayniqsa, oilada tarbiya beruvchi, jamiyat hayotida faol ishtirok etuvchi ayollarning bu boradagi o‘rni va mas’uliyati beqiyosdir.

Shu maqsadda O‘zbekiston Ekologik partiyasi Andijon shahar Kengashi tomonidan Ayollar klubi a’zolari ishtirokida “Kitob tutgan ayol” nomli ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.

Tadbir davomida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish, ayollarning ma’naviy salohiyatini yuksaltirish, yosh avlod tarbiyasida kitobning o‘rni hamda ekologik madaniyatni shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Uchrashuvda so‘zga chiqqanlar kitob inson tafakkurini boyituvchi, dunyoqarashini kengaytiruvchi, ma’naviy kamolotga yetaklovchi muhim vosita ekanini ta’kidladilar. Shuningdek, ekologik madaniyatni avvalo oiladan boshlash, tabiatga mehr va e’tibor bilan munosabatda bo‘lish, atrof-muhitni asrab-avaylash hamda ekologik mas’uliyat tuyg‘usini farzandlar ongiga singdirishda ayollarning o‘rni alohida ekanligi qayd etildi.

Tadbir davomida ishtirokchilar ekologik bilimlarni oshirish, kundalik hayotda tabiatga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish, yashil hududlarni asrash va obodonlashtirish ishlarida faol ishtirok etish borasida o‘z fikr va mulohazalarini bildirdilar.

Ta’kidlanganidek, kitob mutolaasi nafaqat inson ma’naviyatini boyitadi, balki ekologik bilim va qadriyatlarni shakllantirishda ham muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, ma’naviy yetuk, ekologik madaniyati yuksak avlodni tarbiyalashda ayollarimizning hissasi katta.

“Kitob tutgan ayol” kabi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar jamiyatda kitobxonlik muhitini rivojlantirish, ekologik ongni oshirish hamda sog‘lom va mas’uliyatli turmush tarzini targ‘ib qilishga xizmat qilmoqda.

Muhammadrasul Mamatqulov,
O‘zbekiston Ekologik partiyasi Andijon viloyat Kengashi matbuot kotibi.

Scroll to Top