Ish vaqti: Dushanba - Juma 
Soat: 08:00-17:00

Bugungi kunda hududlarda ekologik barqarorlikni ta’minlash, aholi uchun qulay va ozoda muhit yaratish, obodonlashtirish hamda sanitariya-tozalik ishlarini tizimli tashkil etish muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Shu maqsadda joylarda jamoatchilik nazorati tadbirlari muntazam olib borilmoqda.

Ana shunday tadbirlardan biri O‘zbekiston Ekologik partiyasi Xonobod shahar Kengashi tomonidan tashkil etildi. Xonobod shahar Kengashi raisi, Xalq deputatlari Xonobod shahar Kengashi deputati A. Abdurahmonov boshchiligida shahar suv-oqava xo‘jaligi hamda obodonlashtirish xizmati mas’ul xodimlari ishtirokida hududlarda obodonlashtirish va sanitariya-tozalik ishlarining holatini o‘rganishga qaratilgan reyd tadbiri o‘tkazildi.

Reyd davomida shahar ko‘chalari, mahallalar va aholi gavjum hududlaridagi sanitariya holati, chiqindilarni belgilangan muddatlarda olib chiqish, yashil hududlarni saqlash va parvarishlash, obodonlashtirish ishlarining olib borilishi atroflicha ko‘zdan kechirildi.

O‘rganishlar davomida hududlarning tozaligi, chiqindilarni boshqarish tizimi hamda mavjud kamchiliklarni bartaraf etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Aniqlangan muammolar yuzasidan mas’ul tashkilotlar vakillariga tegishli tavsiya va ko‘rsatmalar berilib, ularni bartaraf etish bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish lozimligi ta’kidlandi.

Shuningdek, tadbir ishtirokchilari tomonidan shahar hududlarida ekologik madaniyatni oshirish, aholi o‘rtasida tozalik va ozodalikka rioya qilish ko‘nikmalarini shakllantirish, yashil makonlarni kengaytirish hamda obodonlashtirish ishlarini yanada takomillashtirish yuzasidan fikr almashildi.

Reyd yakunida Xonobod shahrini yanada obod, ko‘rkam va ekologik jihatdan barqaror hududga aylantirish borasidagi ishlarni izchil davom ettirish, bu jarayonda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish va aholining faol ishtirokini ta’minlash muhim ekanligi qayd etildi.

Abdurahim Abduraxmonov,
O‘zbekiston Ekologik partiyasi Xonobod shahar Kengashi raisi.

Scroll to Top