Atrof-muhitni asrash, ekologik muammolarning oldini olish hamda aholining, ayniqsa, yoshlarning ekologik madaniyatini yuksaltirish bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridan biridir. Shu maqsadda Oʻzbekiston Ekologik partiyasi tomonidan joylarda turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, davra suhbatlari va uchrashuvlar muntazam tashkil etilmoqda.
Ana shunday tadbirlardan biri Oʻzbekiston Ekologik partiyasi Marhamat tumani Kengashi raisi X. Zulfiyev tashabbusi bilan Marhamat tumanidagi 2-son texnikumda 11-iyul — Xalqaro aholi kuni munosabati bilan o‘tkazildi. Davra suhbatida texnikumning faol va tashabbuskor yoshlari, yosh ekologlar hamda pedagoglar ishtirok etdi.
Tadbir avvalida Xalqaro aholi kunining mazmun-mohiyati, uning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni hamda aholi salomatligini ta’minlashda ekologik barqarorlikning ahamiyati haqida so‘z yuritildi. Ta’kidlanganidek, inson salomatligi va farovon hayoti toza havo, musaffo suv, unumdor yer hamda sog‘lom ekologik muhit bilan chambarchas bog‘liq. Shu bois ekologik muammolarga befarq bo‘lmaslik, tabiatni asrash va tabiiy boyliklardan oqilona foydalanish har bir fuqaroning burchidir.
Davra suhbati davomida ishtirokchilarga Oʻzbekiston Ekologik partiyasi tomonidan amalga oshirilayotgan ekologik islohotlar, aholining ekologik madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan tashabbuslar hamda “Ekosana” loyihasining mazmun-mohiyati haqida batafsil ma’lumot berildi. Loyiha doirasida ekologik ta’lim va tarbiyani kuchaytirish, yoshlarni tabiatni asrashga keng jalb etish, chiqindilarni to‘g‘ri boshqarish, hududlarni ko‘kalamzorlashtirish va ekologik muammolarning oldini olish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar alohida e’tirof etildi.
Shuningdek, yoshlar bilan ekologik madaniyatni shakllantirish, plastik chiqindilarni kamaytirish, daraxt va butalarni asrab-avaylash, suv resurslaridan tejamkorlik bilan foydalanish hamda yashil hududlarni kengaytirish borasida ochiq muloqot tashkil etildi. Ishtirokchilar ekologik muammolarni bartaraf etishda yoshlarning faolligi, tashabbuskorligi va jamoatchilik nazoratidagi o‘rni haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Tadbir savol-javoblar ruhida davom etib, yoshlar tomonidan ekologiya, iqlim o‘zgarishi, atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik qonunchilik va “Ekosana” loyihasi yuzasidan berilgan savollarga mutaxassislar tomonidan atroflicha javoblar berildi. Faol ishtirok etgan yoshlarning taklif va tashabbuslari qo‘llab-quvvatlanib, ularni kelgusida ekologik loyihalar va jamoatchilik tadbirlarida faol qatnashishga chaqirildi.
Bunday ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar yosh avlod qalbida tabiatga mehr, ekologik mas’uliyat va fuqarolik burchini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Zero, ekologik madaniyati yuksak, tabiatga e’tiborli yoshlar – yurtimizning barqaror taraqqiyoti va ekologik xavfsizligini ta’minlashning eng muhim omillaridan biridir.
Muhammadrasul Mamatqulov,
Oʻzbekiston Ekologik partiyasi Andijon viloyat Kengashi matbuot kotibi
