Ish vaqti: Dushanba - Juma 
Soat: 08:00-17:00

O‘zbekiston Ekologik partiyasi Andijon viloyat partiya tashkilotining joriy yilning olti oylik faoliyati yakunlariga bag‘ishlangan navbatdagi Kengash yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda Kengash a’zolari, xalq deputatlari mahalliy Kengashlardagi deputatlar, partiya xodimlari hamda faollar ishtirok etib, hisobot davrida amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar, mavjud vazifalar va kelgusidagi ustuvor yo‘nalishlar yuzasidan batafsil muhokamalar olib borildi.

Yig‘ilishda qayd etilganidek, O‘zbekiston Ekologik partiyasi Andijon viloyat Kengashi tomonidan aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish, atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik muammolarning oldini olish hamda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish borasida qator samarali ishlar amalga oshirildi.

Xususan, hisobot davrida viloyat hududlarida jami 441 dan ortiq ekologik tadbirlar tashkil etilib, ularda qariyb 14 ming nafar fuqaro ishtirok etdi. Mazkur tadbirlar davomida hududlarni obodonlashtirish, sanitariya holatini yaxshilash, daraxt va yashil hududlarni asrab-avaylash, chiqindilar bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etish hamda ekologik targ‘ibot ishlarini olib borishga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, partiyaning “Ekologiya va salomatlik” ayollar klubi tomonidan ham samarali ishlar amalga oshirildi. Hisobot davrida klub tashabbusi bilan 103 ta tadbir o‘tkazilib, ularga 3 060 nafar ishtirokchi jalb qilindi. Ushbu tadbirlarda ekologik muammolar, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, oilalarda ekologik madaniyatni oshirish kabi masalalarga e’tibor qaratildi.

Yoshlar bilan ishlash yo‘nalishida ham muhim natijalarga erishildi. Viloyat, shahar va tuman Kengashlari raislari hamda “Yosh ekologlar qanoti” hamkorligida yoshlar ishtirokida 125 ta ekologik tadbir tashkil etilib, ularda 5 733 nafar yosh faol qatnashdi. Mazkur loyihalar yosh avlodning tabiatga bo‘lgan mas’uliyatini oshirish, ekologik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va ularning bu boradagi faolligini kuchaytirishga xizmat qilmoqda.

Yig‘ilish davomida amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda kelgusida bajarilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar ham belgilab olindi. Jumladan, ekologik targ‘ibot tadbirlarini yanada kengaytirish, aholi bilan ishlash samaradorligini oshirish, yoshlar va xotin-qizlarning ekologik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda hududlarda ekologik barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha qator vazifalar belgilandi.

Tadbir yakunida partiya faoliyatini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan Kengash a’zolari, deputatlar hamda partiya xodimlari esdalik sovg‘alari va tashakkurnomalar bilan taqdirlandilar.

O‘zbekiston Ekologik partiyasi Andijon viloyat Kengashi tomonidan amalga oshirilayotgan bu kabi tizimli ishlar hududlarda ekologik muhitni yaxshilash, fuqarolarning ekologik ongini oshirish va jamiyatda tabiatga mehr-muhabbat tuyg‘usini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Muhammadrasul Mamatqulov,
O‘zbekiston Ekologik partiyasi Andijon viloyat Kengashi matbuot kotibi

Scroll to Top