Ish vaqti: Dushanba - Juma 
Soat: 08:00-17:00

Atrof-muhitni muhofaza qilish, hududlarni obodonlashtirish va aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish borasida O‘zbekiston Ekologik partiyasi Paxtaobod tuman Kengashi tomonidan joylarda tizimli amaliy ishlar olib borilmoqda. Ana shunday tadbirlardan biri Paxtaobod tumanida tashkil etilib, Mustaqillik, Sangraobod, Sohil, Pushmon va Bobur mahallalarini qamrab oldi.

Ekologik aksiya O‘zbekiston Ekologik partiyasi tashabbusi bilan mahalliy tashkilotlar hamkorligida o‘tkazildi. Unda partiya faollari, yosh ekologlar, ko‘ngillilar, mahalla faollari hamda faol fuqarolar ishtirok etib, hududlarning ekologik holatini yaxshilash va obodonlashtirishga qaratilgan keng ko‘lamli amaliy ishlarni amalga oshirdilar.

Aksiya davomida mahallalarning markaziy ko‘chalari, jamoat joylari va yashil hududlari tartibga keltirildi. Ko‘p yillik manzarali va mevali daraxtlarning tanalariga oqlov ishlari olib borilib, ularni turli zararkunandalar hamda tashqi omillardan himoya qilishga qaratilgan agrotexnik tadbirlar amalga oshirildi. Shuningdek, sug‘orish tarmoqlari, ariq va zovurlar maishiy chiqindilar, loyqa va begona o‘tlardan tozalanib, suvning erkin oqimini ta’minlash hamda sanitariya holatini yaxshilash bo‘yicha zarur ishlar bajarildi.

Tadbir doirasida ishtirokchilar tomonidan mahallalar hududida tozalik ishlari olib borilib, atrof-muhitni ifloslantiruvchi omillarni bartaraf etishga alohida e’tibor qaratildi. Hududlarni ozoda saqlash, yashil maydonlarni asrab-avaylash va ekologik muvozanatni mustahkamlash borasida amaliy sa’y-harakatlar amalga oshirildi.

Ekologik aksiya bilan bir qatorda aholi o‘rtasida keng qamrovli targ‘ibot ishlari ham tashkil etildi. Fuqarolarga atrof-muhitni asrash, daraxt va butalarni parvarishlash, chiqindilarni belgilangan tartibda yig‘ish va topshirish, yashil hududlarni kengaytirish hamda ekologik qonunchilik talablariga rioya etish yuzasidan tushuntirishlar berildi. Ayniqsa, yoshlar o‘rtasida tabiatga mehr-muhabbat, ekologik mas’uliyat va fuqarolik burchini mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Mazkur ekologik aksiya mahallalarda obodonlashtirish ishlarini jadallashtirish, sanitariya holatini yaxshilash, aholi o‘rtasida ekologik madaniyatni yuksaltirish hamda tabiatni asrashga daxldorlik hissini kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etdi.

O‘zbekiston Ekologik partiyasi tomonidan hududlarda ekologik barqarorlikni ta’minlash, yashil makonlarni kengaytirish va aholining ekologik faolligini oshirishga qaratilgan bunday amaliy tadbirlarni kelgusida ham muntazam ravishda tashkil etish rejalashtirilgan.

Zulfiya Hakimova,

Buxoro davlat unversiteti talabasi.

Scroll to Top