Ish vaqti: Dushanba - Juma 
Soat: 08:00-17:00

Atrof-muhit musaffoligini ta’minlash, hududlarda sanitariya holatini yaxshilash hamda ekologik madaniyatni yuksaltirish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biridir. Shu maqsadda Andijon viloyati Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasining Qo‘rg‘ontepa tuman bo‘limi xodimlari, O‘zbekiston Ekologik partiyasi Qo‘rg‘ontepa tuman Kengashi hamda “Qorasuv Eco Tech” MCHJ hamkorligida keng qamrovli sanitariya va ekologik aksiya tashkil etildi.

Aksiya davomida tumanning markaziy ko‘chalari, aholi gavjum maskanlari, savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari hamda tadbirkorlik subyektlarida sanitariya holati o‘rganildi. Xususan, maishiy chiqindilarni yig‘ish va saqlash tartibi, chiqindi konteynerlarining sanitariya me’yorlariga muvofiqligi, hududlarning obodonlashtirilganligi hamda atrof-muhit tozaligiga alohida e’tibor qaratildi.

Mutaxassislar tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar jarayonida ayrim joylarda chiqindilarni belgilangan tartibda saqlash va to‘plash bo‘yicha kamchiliklar mavjudligi aniqlandi. Aniqlangan holatlar yuzasidan tadbirkorlik subyektlari rahbarlari, mas’ul shaxslar hamda fuqarolar bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazilib, ekologik va sanitariya talablariga qat’iy amal qilish bo‘yicha batafsil tushuntirishlar berildi.

Shuningdek, chiqindilarni o‘z vaqtida olib chiqish, hududlarni doimiy ozoda saqlash, chiqindi konteynerlaridan to‘g‘ri foydalanish hamda noqonuniy chiqindi to‘planishining oldini olish yuzasidan tavsiya va ko‘rsatmalar taqdim etildi. Aniqlangan kamchiliklarni qisqa muddatlarda bartaraf etish bo‘yicha mas’ullarga tegishli ogohlantirishlar berildi.

Tadbir davomida ekologik osoyishtalikni ta’minlash, sanitariya qoidalariga rioya etish va atrof-muhitni asrash har bir fuqaro, tadbirkor va tashkilotning muhim burchi ekani alohida ta’kidlandi. Toza va obod hududlarni saqlash, maishiy chiqindilar bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etish hamda ekologik madaniyatni yuksaltirish bo‘yicha hamkorlikdagi ishlarni izchil davom ettirish zarurligi qayd etildi.

Bunday ekologik aksiyalar aholi o‘rtasida ekologik mas’uliyatni kuchaytirish, hududlarning sanitariya holatini yanada yaxshilash, chiqindilar bilan bog‘liq muammolarni kamaytirish hamda sog‘lom va musaffo atrof-muhitni ta’minlashga xizmat qiladi.

Muhammadrasul Mamatqulov,

O'EP Andijon viloyat Kengashi matbuot kotibi

Scroll to Top