Atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik qonunchilik talablariga rioya etilishini ta’minlash hamda fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlarni o‘z vaqtida ko‘rib chiqish O‘zbekiston Ekologik partiyasi faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Bu borada joylarda olib borilayotgan nazorat tadbirlari ekologik huquqbuzarliklarning oldini olish va aholining ekologik madaniyatini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Navbatdagi o‘rganish O‘zbekiston Ekologik partiyasi Xo‘jaobod tuman Kengashi raisi X. Axmedov hamda tuman Ekologiya bo‘limi xodimlari tomonidan ishonch telefoniga kelib tushgan murojaat asosida amalga oshirildi. Murojaatda Xo‘jaobod tumani Karnaychi mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi fermer xo‘jaligiga tegishli maydonda somon poyalari yoqilayotgani haqida xabar berilgan edi.
Murojaat yuzasidan mutaxassislar tomonidan hududga chiqilib, joyida o‘rganish ishlari olib borildi. Tekshiruv davomida g‘alla yig‘ib olingan dalada somon poyalari qoldiqlari yoqilgani aniqlandi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, somon poyalarini yoqish tuproq unumdorligiga jiddiy zarar yetkazadi. Bunday holat natijasida tuproq tarkibidagi foydali mikroorganizmlar nobud bo‘ladi, ozuqa elementlari kamayadi hamda yerning tabiiy unumdorligi pasayadi. Bundan tashqari, yonish jarayonida atmosfera havosiga zararli moddalar ajralib chiqib, havo sifati yomonlashadi, aholi salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi va yong‘in xavfini ham oshiradi. Shu bois o‘simlik qoldiqlarini yoqish ekologik jihatdan zararli amaliyot hisoblanadi.
Aniqlangan huquqbuzarlik yuzasidan yer egasi va mas’ul shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 88-moddasi 3-qismiga muvofiq ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi. Shuningdek, qonunchilikda belgilangan tartibda atrof-muhitga yetkazilgan zarar miqdorini hisoblash, bunday holatlarning takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslik hamda ekologik talab va me’yorlarga qat’iy rioya etish yuzasidan tushuntirish va ogohlantirish ishlari olib borildi.
O‘zbekiston Ekologik partiyasi tomonidan fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlar bundan buyon ham belgilangan tartibda o‘rganilib, har bir murojaat yuzasidan qonuniy choralar ko‘riladi. Atrof-muhitni asrash, yer resurslaridan oqilona foydalanish va ekologik xavfsizlikni ta’minlash esa barchamizning umumiy burchimizdir.
Muhammadrasul Mamatqulov,
O'EP Andijon viloyat Kengashi matbuot kotibi
