Aholining ekologik muammolar yuzasidan murojaatlarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqish, ularni joyiga chiqib o‘rganish hamda qonuniy yechim topish borasida O‘zbekiston Ekologik partiyasi tomonidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada joylarda tashkil etilayotgan “Eko reyd” tadbirlari fuqarolarning ekologik madaniyatini yuksaltirish, atrof-muhitni muhofaza qilish va ekologik qonunchilik talablariga rioya etilishini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ana shunday tadbirlardan biri O‘zbekiston Ekologik partiyasi Izboskan tuman Kengashi hamda tuman Ekologiya bo‘limi hamkorligida Yakkatut mahalla fuqarolar yig‘inida tashkil etildi. “Eko reyd” doirasida mahalladan kelib tushgan murojaat asosida mutasaddi tashkilotlar vakillari ishtirokida hududga chiqilib, o‘rganish ishlari olib borildi.
Murojaatda ayrim xonadonlar tomonidan oqova suvlar noqonuniy ravishda tashlanayotgani, buning natijasida ekologik holatga salbiy ta’sir ko‘rsatilayotgani haqida ma’lumotlar keltirilgan edi. Mazkur murojaat nazoratga olinib, hududdagi mavjud holatni xolis va har tomonlama o‘rganish maqsadida tegishli mutaxassislar ishtirokida barcha zarur tekshiruv ishlari amalga oshirildi.
O‘rganish davomida murojaatda ko‘rsatilgan hudud atroflicha ko‘zdan kechirildi, xonadonlar egalari bilan suhbatlar o‘tkazildi hamda mavjud holat amaldagi ekologik me’yor va talablarga muvofiqligi nuqtai nazaridan baholandi.
Natijada murojaatda qayd etilgan holat o‘z tasdig‘ini topmadi. Tekshiruv davomida oqova suvlarning noqonuniy tashlanayotgani yoki amaldagi ekologik qonunchilik talablari buzilgani aniqlanmadi. Shuningdek, hududning sanitariya-ekologik holati qoniqarli ekani qayd etildi.
Shu bilan birga, mutasaddi tashkilotlar tomonidan mahalla aholisiga ekologik madaniyatni yuksaltirish, atrof-muhitni asrash, oqova suvlarni belgilangan tartibda chiqarish hamda ekologik talablarga qat’iy rioya etish yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi. Fuqarolarga ekologik muammolar yuzaga kelgan taqdirda ularni tegishli tashkilotlarga o‘z vaqtida ma’lum qilish muhim ekani ham eslatib o‘tildi.
O‘zbekiston Ekologik partiyasi tomonidan fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlar bundan buyon ham belgilangan tartibda o‘rganilib, har bir holat yuzasidan qonuniy va xolis xulosa chiqarish hamda ekologik osoyishtalikni ta’minlashga qaratilgan amaliy ishlar izchil davom ettiriladi.
Muhammadrasul Mamatqulov,
o'z muxbirimiz.
