Ish vaqti: Dushanba - Juma 
Soat: 08:00-17:00

Oltinko‘l tumanida 27-iyun — Butunjahon baliqchilik kuni munosabati bilan baliqchilik sohasini rivojlantirish, suv bioresurslarini asrash hamda ekologik madaniyatni yuksaltirishga qaratilgan amaliy tadbir tashkil etildi.

O‘zbekiston Ekologik partiyasi Oltinko‘l tuman Kengashi tashabbusi bilan tumandagi “Oltin baliqlar” baliqchilik naslchilik fermer xo‘jaligida o‘tkazilgan mazkur tadbirda partiya faollari, soha mutaxassislari hamda fermer xo‘jaligi xodimlari ishtirok etdilar.

Tadbir davomida baliqchilik xo‘jaligining kundalik faoliyati, baliqlarni parvarishlash jarayonlari, suv havzalarida ekologik muvozanatni saqlash hamda naslchilik ishlarini tashkil etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishildi. Mutaxassislar tomonidan baliqlarni boqish, ularning sog‘lom o‘sishini ta’minlash va suv sifatini nazorat qilish bo‘yicha amaliy jarayonlar ko‘rsatib berildi.

Shuningdek, tadbir ishtirokchilari tomonidan baliqlarga ozuqa tarqatish jarayoni amalga oshirildi. Bu jarayonda baliqchilikni yuritishda ekologik talab va me’yorlarga qat’iy rioya etish, suv resurslarini ifloslantirmaslik hamda tabiiy muvozanatni saqlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, baliqchilik sohasida ekologik yondashuvni kuchaytirish nafaqat ishlab chiqarish samaradorligini oshiradi, balki suv ekotizimlarini asrash va biologik xilma-xillikni saqlashda ham muhim o‘rin tutadi. Shu bois, xo‘jalik faoliyatida zamonaviy va ekologik toza texnologiyalarni joriy etish dolzarb ahamiyatga ega.

Tadbir davomida ishtirokchilar o‘rtasida suv bioresurslaridan oqilona foydalanish, baliqchilikni rivojlantirish istiqbollari hamda ekologik madaniyatni oshirish bo‘yicha fikr almashildi. Fermer xo‘jaligi vakillari tomonidan sohaga oid muammolar va takliflar ham bildirildi.

Yakunida mazkur amaliy tadbir baliqchilik sohasini yanada rivojlantirish, suv resurslarini asrab-avaylash hamda aholi orasida ekologik ong va madaniyatni yuksaltirishga xizmat qilishi qayd etildi.

O‘zbekiston Ekologik partiyasi Oltinko‘l tuman Kengashi raisi I.Burxonov.

Scroll to Top