Xonobod shahrida yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish, ularni turli zararli illatlardan asrash hamda jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni mustahkamlash maqsadida muhim ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Mazkur uchrashuv O‘zbekiston Ekologik partiyasi Xonobod shahar Kengashi tomonidan Abdulhamid Cho‘lpon jamoat fondi bilan hamkorlikda shahar 2-son texnikumida o‘tkazildi.
Tadbirda partiya vakillari, pedagoglar, mutaxassislar hamda texnikum o‘quvchi-yoshlari ishtirok etdilar. Uchrashuvning asosiy maqsadi yoshlarni giyohvandlik va psixotrop moddalar iste’molining salbiy oqibatlari haqida ogoh etish, ularning ongida sog‘lom hayotga nisbatan qat’iy immunitetni shakllantirish hamda bo‘sh vaqtni mazmunli tashkil etishdan iborat bo‘ldi.
Tadbir davomida mutaxassislar tomonidan giyohvandlikning inson salomatligiga, ruhiy holatiga hamda jamiyat barqarorligiga yetkazadigan zararli oqibatlari keng yoritildi. Ta’kidlanganidek, bu kabi illatlar nafaqat shaxsning kelajagini barbod qiladi, balki oilaviy muhit va jamiyat rivojiga ham jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu sababli yoshlar orasida profilaktik tushuntirish ishlarini kuchaytirish dolzarb vazifa hisoblanadi.
Suhbat jarayonida yoshlarni kitob mutolaasiga keng jalb etish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Kitob o‘qish insonning dunyoqarashini kengaytirishi, tafakkurini rivojlantirishi va uni turli salbiy ta’sirlardan himoya qiluvchi muhim omil ekani qayd etildi. Mutaxassislar tomonidan yoshlar orasida kitobxonlik madaniyatini oshirish, badiiy va ilmiy adabiyotlarga qiziqishni kuchaytirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Shuningdek, ishtirokchilarga sog‘lom turmush tarzini tanlash, sport bilan muntazam shug‘ullanish, ijtimoiy foydali ishlarda faol bo‘lish hamda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda ishtirok etish bo‘yicha keng qamrovli tavsiyalar bildirildi. Bo‘sh vaqtni samarali tashkil etish yoshlarni zararli odatlardan uzoq tutishda muhim omil ekani alohida ta’kidlandi.
Tadbir davomida ochiq muloqot shaklida savol-javoblar o‘tkazilib, yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar bo‘yicha mutaxassislarga murojaat qildilar. Har bir savolga batafsil javob berilib, amaliy misollar orqali tushuntirishlar amalga oshirildi. Bu esa uchrashuvning yanada mazmunli va samarali o‘tishini ta’minladi.
Yakunida tashkilotchilar tomonidan yoshlar giyohvandlikka qarshi kurashishda faol bo‘lishi, sog‘lom va barkamol avlod sifatida jamiyat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishi zarurligi yana bir bor ta’kidlandi. Bunday tadbirlar yoshlar ongida sog‘lom hayot tarzini mustahkamlash va ularni to‘g‘ri yo‘lga yo‘naltirishda muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.
Muhammadrasul Mamatqulov,
o'z muxbirimiz
