Ish vaqti: Dushanba - Juma 
Soat: 08:00-17:00

Andijon shahrida tibbiyot muassasalarida sog‘lom ekologik muhitni ta’minlash, sanitariya holatini yaxshilash hamda chiqindilarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan amaliy o‘rganish ishlari olib borildi. Ushbu tadbir O‘zbekiston Ekologik partiyasi shahar Kengashi tashabbusi bilan tashkil etilib, muassasalarda ekologik talablarning bajarilishi holatini o‘rganishga qaratildi.

Tadbir doirasida shahar 4-son oilaviy poliklinikasida jamoatchilik nazorati yo‘nalishidagi o‘rganish ishlari amalga oshirildi. Unda muassasa bosh shifokori Feruza Abdullayeva Abduqahhorovna hamda bosh hamshira Mahliyoxon Rahimovna Mamayusupova hamkorlikda ishtirok etdi. O‘rganish davomida poliklinikaning umumiy sanitariya-ekologik holati, hudud tozaligi, bino va atrof-muhitning gigiyenik talablarga mosligi hamda chiqindilarni yig‘ish, saqlash va utilizatsiya qilish tartiblari batafsil ko‘zdan kechirildi.

Mutaxassislar tomonidan poliklinika hududida sanitariya me’yorlariga rioya etilishi, bemorlar uchun yaratilgan sharoitlar hamda tibbiy chiqindilarni belgilangan tartibda yo‘q qilish jarayonlari o‘rganildi. Shu bilan birga, ayrim yo‘nalishlarda aniqlangan kamchiliklar joyida muhokama qilinib, ularni bartaraf etish bo‘yicha tegishli mas’ullarga aniq tavsiya va takliflar berildi.

Tadbir davomida tibbiyot muassasalarida ekologik xavfsizlikni ta’minlash, chiqindilarni to‘g‘ri saralash va utilizatsiya qilish tizimini kuchaytirish, shuningdek, sanitariya qoidalariga qat’iy rioya etish masalalari alohida ta’kidlandi. Mutaxassislar fikricha, bu omillar bemorlar uchun sog‘lom va xavfsiz muhit yaratishda muhim ahamiyatga ega.

Shuningdek, ishtirokchilarga kundalik faoliyatda ekologik madaniyatni oshirish, toza muhitni saqlash va resurslardan oqilona foydalanish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi. Tibbiyot muassasalarida ishlovchi xodimlarning ekologik bilim va mas’uliyatini oshirish ham dolzarb vazifa sifatida qayd etildi.

Ta’kidlanishicha, bunday o‘rganishlar nafaqat mavjud holatni tahlil qilish, balki muammolarni bartaraf etish va tizimni takomillashtirishga xizmat qiladi. Natijada aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati yanada oshishi hamda sog‘lom ekologik muhit mustahkamlanishi kutilmoqda.

O‘zbekiston Ekologik partiyasi shahar Kengashi raisi Baxtiyor Sotvoldiyev

Scroll to Top