Xo‘jaobod tumanida atrof-muhitni muhofaza qilish, havoning ifloslanishini oldini olish hamda yer resurslaridan oqilona foydalanish masalalariga qaratilgan ekologik reyd tadbiri o‘tkazildi.
O‘zbekiston Ekologik partiyasi Xo‘jaobod tuman Kengashi raisi X. Axmedov hamda tuman Ekologiya bo‘limi xodimlari ishtirokida Ipakchi MFY hududida olib borilgan o‘rganishlar davomida ayrim fermer xo‘jaliklari tomonidan g‘alladan bo‘shagan maydonlarda somon poyalari va o‘simlik qoldiqlarini yoqish holatlari aniqlandi. Mazkur holat ekologik me’yorlarga zid ekani va atrof-muhitga jiddiy zarar yetkazishi ta’kidlandi.
Mutaxassislar tomonidan qayd etilishicha, somon poyalarini yoqish tuproq unumdorligining pasayishiga, foydali mikro va makroelementlarning yo‘qolishiga hamda yerlarning bonitet balli tushib ketishiga sabab bo‘ladi. Shuningdek, bunday harakatlar havoning ifloslanishiga, tutun va zararli gazlarning ko‘payishiga hamda yong‘in xavfi ortishiga olib keladi.
O‘rganishlar natijasida aniqlangan holatlar yuzasidan yer egalari va mas’ul shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 88-moddasi 3-qismi asosida ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi. Shuningdek, yetkazilgan zarar qonunchilikka muvofiq hisoblanishi va tegishli iqtisodiy choralar ko‘rilishi yuzasidan ogohlantirishlar berildi.
Tadbir davomida fermer xo‘jaliklari vakillariga somon qoldiqlarini yoqmasdan, ularni qayta ishlash yoki yerga organik o‘g‘it sifatida qaytarish zarurligi bo‘yicha ham tushuntirishlar berildi. Bu esa tuproq unumdorligini saqlash va ekologik barqarorlikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.
O‘zbekiston Ekologik partiyasi Xo‘jaobod tuman Kengashi raisi X. Axmedov
