Marhamat tumanida yoshlar ishtirokida ma’naviy-ma’rifiy va ekologik yo‘nalishdagi uchrashuv tashkil etildi. Tadbir O‘zbekiston Ekologik partiyasi Marhamat tuman Kengashi tashabbusi bilan Alitepa MFY hududida joylashgan 2-son texnikumda bitiruvchi yoshlar ishtirokida o‘tkazildi.
O‘zbekiston Ekologik partiyasi Marhamat tuman Kengashi raisi X. Zulfiyev rahbarligida tashkil etilgan mazkur tadbir “Yangi O‘zbekistonni yoshlar quradi” mavzusiga bag‘ishlandi. Uchrashuv davomida yoshlarga mamlakatimizda ta’lim olish, kasb-hunar egallash, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish hamda o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun yaratilayotgan keng imkoniyat va shart-sharoitlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Tadbirda yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazilib, ularning jamiyatdagi o‘rni va kelajakdagi mas’uliyati yuzasidan fikr almashildi. Shuningdek, ekologik madaniyatni yuksaltirish, atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiatga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish hamda resurslardan oqilona foydalanish masalalari alohida ta’kidlandi. Mutaxassislar tomonidan ekologik tarbiyaning yoshlar hayotidagi ahamiyati ham tushuntirildi.
Uchrashuv davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan mutasaddilarga murojaat qildilar. Bildirilgan taklif va mulohazalar atroflicha o‘rganilib, ularga batafsil javoblar berildi hamda amaliy tavsiyalar bildirildi.
Tadbir yakunida yoshlar ekologik tashabbuslarda faol ishtirok etish, tabiatni asrash va jamiyat rivojiga munosib hissa qo‘shishga chaqirildi. Bunday uchrashuvlar yoshlarning ekologik va ma’naviy dunyoqarashini kengaytirishga xizmat qilishi qayd etildi.
O‘zbekiston Ekologik partiyasi Marhamat tuman Kengashi raisi X. Zulfiyev
