Qo‘rg‘ontepa tumanida yoshlar ishtirokida ekologik madaniyatni yuksaltirish, atrof-muhitni muhofaza qilish hamda tabiiy resurslardan oqilona foydalanish masalalariga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etildi.
O‘zbekiston Ekologik partiyasi Qo‘rg‘ontepa tuman Kengashi raisi I. Dadaboyev tashabbusi bilan Yangi Bo‘ston mahallasida bitiruvchi yoshlar ishtirokida o‘tkazilgan mazkur tadbir 27-iyun — Butunjahon baliqchilik kuni hamda 30-iyun — Yoshlar kuni munosabati bilan tashkil etildi. Uchrashuv yoshlar bilan ochiq muloqot ruhida o‘tkazilib, ekologik sohadagi dolzarb masalalarni muhokama qilish, ularning fikr va takliflarini o‘rganish imkonini berdi.
Tadbir davomida ishtirokchilar bilan atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik muammolarning oldini olish, suv va yer resurslaridan oqilona foydalanish, chiqindilarni kamaytirish hamda ekologik madaniyatni yuksaltirish masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashildi. Shuningdek, yoshlarning ekologik jarayonlardagi faolligi va tashabbuskorligi barqaror rivojlanishning muhim omili ekani alohida ta’kidlandi.
Davra suhbati davomida yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan mutasaddilarga murojaat qildilar. Mutaxassislar tomonidan ekologik bilim va ko‘nikmalarni mustahkamlash, amaliy loyihalarda ishtirok etish hamda tabiatni asrash borasidagi tavsiyalar batafsil tushuntirildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar ekologik tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash, tabiatni asrash va jamiyatda ekologik madaniyatni keng targ‘ib etish yo‘lida faol bo‘lishga chaqirildi. Bunday uchrashuvlar yoshlarning ekologik dunyoqarashini kengaytirish va ularni mas’uliyatli fuqarolik pozitsiyasiga ega bo‘lishiga xizmat qilishi qayd etildi.
Muhammadrasul Mamatqulov,
o'z muxbirimiz
