Ish vaqti: Dushanba - Juma 
Soat: 08:00-17:00

Ulug‘nor tumanida xotin-qizlar salomatligini mustahkamlash, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish hamda ekologik madaniyatni yuksaltirishga qaratilgan muhim ijtimoiy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Mazkur uchrashuv O‘zbekiston Ekologik partiyasi Ulug‘nor tuman Kengashi qoshidagi “Ayollar klubi” tashabbusi bilan Ulug‘nor texnikumida o‘tkazilib, unda soha mutaxassislari, pedagoglar, faollar hamda faol xotin-qizlar ishtirok etdilar.

Bugungi kunda jamiyatda sog‘lom avlodni tarbiyalash, ayollar salomatligini asrash hamda ekologik muammolarning oldini olish dolzarb vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda. Shu ma’noda tashkil etilgan mazkur tadbir ham aynan ushbu yo‘nalishlarda aholining bilim va ko‘nikmalarini oshirishga xizmat qildi.

Tadbirni ochib bergan mutasaddilar ayollar salomatligini muhofaza qilish, kasalliklarning oldini olish, sog‘lom ovqatlanish madaniyatini shakllantirish hamda jismoniy faollikni oshirish bo‘yicha atroflicha fikr bildirdilar. Ta’kidlanganidek, sog‘lom ona — sog‘lom jamiyat poydevori bo‘lib, bu borada har bir ayolning mas’uliyati katta ahamiyat kasb etadi.

Shuningdek, uchrashuv davomida ekologik masalalarga ham alohida e’tibor qaratildi. Mutaxassislar tomonidan ekologik toza muhitning inson salomatligiga bevosita ta’siri, atrof-muhit ifloslanishining oqibatlari hamda ularning oldini olish yo‘llari haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Tabiatni asrash, yashil hududlarni ko‘paytirish va ekologik barqarorlikni ta’minlash bugungi kunning eng muhim vazifalaridan biri ekani qayd etildi.

Tadbir davomida ishtirokchilarga kundalik hayotda ekologik madaniyatni shakllantirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi. Xususan, chiqindilarni to‘g‘ri saralash va qayta ishlash, suv va havoni asrash, elektr va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, shuningdek, oilada bolalarga ekologik tarbiya berish masalalari yuzasidan keng tushuntirishlar olib borildi.

Ishtirokchilar tomonidan bildirilgan fikrlar ham tadbirning mazmunini yanada boyitdi. Ular ekologik muammolarni hal etishda aholining faolligi muhimligini ta’kidlab, yashash hududlarini toza saqlash, daraxt va ko‘chat ekish ishlarini kengaytirish hamda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish bo‘yicha takliflar bildirdilar.

Shuningdek, uchrashuv interaktiv ruhda o‘tkazilib, unda ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan mutaxassislarga murojaat qildilar. Berilgan savollarga hayotiy misollar asosida batafsil va tushunarli javoblar qaytarildi.

Tadbir yakunida tashkilotchilar tomonidan bunday uchrashuvlarning ahamiyati yana bir bor ta’kidlandi. Xususan, ayollar salomatligini mustahkamlash, ekologik ongni yuksaltirish hamda sog‘lom jamiyatni shakllantirishda bu kabi tadbirlar muhim o‘rin tutishi qayd etildi.

Ushbu tashabbus kelgusida ham izchil davom ettirilib, tuman hududida ekologik madaniyatni oshirish va xotin-qizlar faolligini kuchaytirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Ismoiljon Xayitboyev,
O‘zbekiston Ekologik partiyasi Ulug‘nor tuman Kengashi raisi

Scroll to Top