Ish vaqti: Dushanba - Juma 
Soat: 08:00-17:00

Izboskan tumanida yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, ularni jismoniy faollikka keng jalb etish hamda jamoaviylik ruhini mustahkamlash maqsadida sport tadbiri tashkil etildi. Mazkur tashabbus O‘zbekiston Ekologik partiyasi Izboskan tuman Kengashi tomonidan 2-son kasb-hunar kolleji bilan hamkorlikda amalga oshirildi.

Tadbir doirasida o‘tkazilgan futbol musobaqasi yoshlar uchun nafaqat sport bellashuvi, balki do‘stlik, hamjihatlik va sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish maydoniga aylandi. Musobaqada partiya deputatlari — Abdullayev Saydullo, Urishov Abbosbek hamda Sirojiddinov M ham faol ishtirok etib, yoshlar bilan bir jamoada maydonga tushdilar. Bu esa tadbirning yanada qiziqarli va mazmunli o‘tishiga xizmat qildi.

Musobaqa davomida ishtirokchilar tezkorlik, chaqqonlik, jamoaviy harakat va sport mahoratini namoyish etdilar. O‘yinlar jarayonida yoshlar o‘zaro do‘stlik aloqalarini mustahkamlab, sog‘lom raqobat muhitida bellashdilar. Tomoshabinlar ham qiziqarli o‘yinlardan katta taassurot oldilar.

Tadbirda so‘z olgan mas’ullar tomonidan bugungi kunda yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, ularni zararli odatlardan asrash hamda sportga keng jalb etish muhimligi alohida ta’kidlandi. Shuningdek, sport orqali yoshlarning irodasi, mas’uliyati va jamoada ishlash ko‘nikmalarini rivojlantirish zarurligi qayd etildi.

Tashkilotchilar tomonidan kelgusida ham bunday sport tadbirlarini muntazam o‘tkazish, yoshlarni ommaviy sport turlariga jalb etish hamda ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo‘yicha tizimli ishlar davom ettirilishi belgilandi. Bunday tashabbuslar yoshlar salomatligini mustahkamlash bilan birga, ularning ijtimoiy faolligini oshirishga ham xizmat qiladi.

Musobaqa yakunida ishtirokchilarga minnatdorlik bildirilib, faol qatnashgan yoshlar rag‘batlantirildi. Tadbir ishtirokchilarda ijobiy taassurot qoldirib, sportga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirdi.

Murodjon Sirojiddinov,
O‘zbekiston Ekologik partiyasi Izboskan tuman Kengashi raisi.

Scroll to Top