Ish vaqti: Dushanba - Juma 
Soat: 08:00-17:00

Baliqchi tumanida yoshlar o‘rtasida ekologik madaniyatni yuksaltirish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda tabiatni asrashga bo‘lgan mas’uliyatini kuchaytirish maqsadida navbatdagi uchrashuv tashkil etildi.

O‘zbekiston Ekologik partiyasi Baliqchi tuman Kengashi hamkorligida Avesto mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan “Sog‘lom avlod” sport maktabida o‘tkazilgan mazkur tadbirda partiya tuman Kengashi raisi, yoshlar vakillari hamda “Yosh ekologlar” qanoti a’zolari ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida O‘zbekiston Ekologik partiyasining yoshlar bilan ishlash yo‘nalishlari, “Yosh ekologlar” qanoti faoliyati hamda yoshlarning ekologik tashabbuslari haqida batafsil ma’lumot berildi. Tashkilotchilar tomonidan yoshlarning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni va ekologik jarayonlardagi ishtirokining ahamiyati alohida ta’kidlandi.

Tadbir ochiq muloqot ruhida o‘tdi. Unda ishtirokchilar tomonidan atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiatga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish, chiqindilarni kamaytirish va yashil hududlarni kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashildi. Yoshlar o‘z tashabbuslarini bildirib, ekologik loyihalarda faol ishtirok etishga tayyor ekanliklarini qayd etdilar.

Shuningdek, uchrashuvda ekologik madaniyatni yuksaltirish, yoshlarni tabiatni asrashga keng jalb etish hamda ularning innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha takliflar ilgari surildi. Mutasaddilar tomonidan bildirilgan fikrlar ijobiy baholanib, amaliy ishlarni yanada kengaytirish zarurligi qayd etildi.

Ta’kidlanishicha, bunday uchrashuvlar yoshlarning ekologik ongini oshirish, ularda tabiatga nisbatan mas’uliyat hissini shakllantirish hamda ekologik tashabbuslarni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Bekzodbek Tursunov,
O‘zbekiston Ekologik partiyasi Baliqchi tuman Kengashi raisi

Scroll to Top