Ish vaqti: Dushanba - Juma 
Soat: 08:00-17:00

Bo‘ston tumanida O‘zbekiston Ekologik partiyasi tuman Kengashi tomonidan aholi tomorqa yerlaridan samarali foydalanish, sug‘orish tizimini yaxshilash hamda suv resurslarini tejashga qaratilgan keng ko‘lamli eko-reyd tadbiri o‘tkazildi.

O‘zbekiston Ekologik partiyasi Bo‘ston tuman Kengashi raisi A. Jo‘rayev tashabbusi bilan “Sariq Duga” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida tashkil etilgan mazkur tadbirda mahalla faollari, mutasaddi tashkilot vakillari hamda mutaxassislar ishtirok etdi. Tadbirning asosiy maqsadi hududdagi sug‘orish ariqlari holatini o‘rganish, mavjud muammolarni aniqlash hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha amaliy choralar ishlab chiqishdan iborat bo‘ldi.

Eko-reyd davomida mahalla hududidagi sug‘orish kanallari va ariqlarning texnik holati joyiga chiqib o‘rganildi. Ariqlarning tozalanish darajasi, suv oqimining tartibga solinishi, ayrim joylarda esa ularning mustahkamlash va betonlashtirish zarurati mavjudligi qayd etildi. Shuningdek, suv yo‘qotishlarining oldini olish va sug‘orish samaradorligini oshirish masalalari ham alohida tahlil qilindi.

O‘rganish jarayonida mutaxassislar tomonidan mavjud kamchiliklar yuzasidan tegishli taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi. Jumladan, ariqlarni bosqichma-bosqich tozalash va mustahkamlash, zamonaviy suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish hamda sug‘orish infratuzilmasini bosqichma-bosqich modernizatsiya qilish zarurligi ta’kidlandi.

Tadbir davomida aholi vakillari bilan ochiq muloqot o‘tkazilib, tomorqa yerlaridan samarali foydalanish, suv resurslarini isrof qilmaslik, sug‘orish jarayonida ekologik qoidalarga rioya etish bo‘yicha batafsil tushuntirishlar berildi. Fuqarolar tomonidan bildirilgan taklif va murojaatlar ham mutasaddilar tomonidan o‘rganilib, tegishli choralar ko‘rish bo‘yicha kelishib olindi.

Ta’kidlanishicha, ushbu eko-reyd hududdagi sug‘orish tizimini yaxshilash, qishloq xo‘jaligi yerlaridan unumli foydalanish, ekologik muvozanatni saqlash hamda aholining turmush sharoitini yaxshilashga xizmat qiladi. Shu bilan birga, bunday tadbirlar mahallalarda ekologik madaniyatni yuksaltirish va suv resurslaridan oqilona foydalanish ko‘nikmalarini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Azamatjon Jo'rayev,
O‘zbekiston Ekologik partiyasi Bo'ston tuman Kengashi raisi.

Scroll to Top