Ish vaqti: Dushanba - Juma 
Soat: 08:00-17:00

Paxtaobod tumani 41-QVPda O‘zbekiston Ekologik partiyasi Paxtaobod tuman Kengashi qoshidagi “Ekologiya va salomatlik” ayollar klubi tashabbusi bilan ayollar salomatligini mustahkamlash, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish hamda profilaktik tibbiyot madaniyatini oshirishga qaratilgan uchrashuv tashkil etildi.


Mazkur tadbirda mahalla hududida istiqomat qiluvchi ayollar, tibbiyot xodimlari hamda hamshiralar ishtirok etib, aholi salomatligini asrash bo‘yicha dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi. Uchrashuv ochiq muloqot shaklida o‘tkazilib, unda ayollar salomatligiga ta’sir etuvchi omillar, kasalliklarning oldini olish va sog‘lom hayot tarzini shakllantirish masalalari muhokama qilindi.


Tadbir davomida Paxtaobod tumani Ekologik partiyasi faoli A. Qodirjonov tomonidan ishtirokchilar bilan suhbat o‘tkazilib, ayollar salomatligini mustahkamlashda profilaktik tibbiy ko‘riklarning o‘rni va ahamiyati haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, erta tashxis qo‘yish, muntazam shifokor nazoratida bo‘lish hamda sog‘lom turmush tarziga rioya qilish orqali ko‘plab kasalliklarning oldini olish mumkinligi ta’kidlandi.


Uchrashuvda sog‘lom ovqatlanish tartibi, kundalik jismoniy faollik, shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilish hamda stress va turli salbiy holatlarning inson salomatligiga ta’siri yuzasidan ham tushuntirishlar berildi. Ishtirokchilarga tibbiyot xodimlari tomonidan amaliy tavsiyalar yetkazilib, sog‘liqni saqlash bo‘yicha muhim yo‘riqnomalar berildi.


Shuningdek, hamshiralar bilan ham alohida muloqot o‘tkazilib, birlamchi tibbiy xizmat sifatini oshirish, aholiga xizmat ko‘rsatishda e’tibor va mas’uliyatni kuchaytirish borasida fikr almashildi. Mutaxassislar tomonidan berilgan tavsiyalar kundalik ish faoliyatida qo‘llash uchun muhim ahamiyatga ega ekani qayd etildi.


Tadbir davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, mutaxassislardan batafsil javob va maslahatlar oldilar. Bunday uchrashuvlar nafaqat ayollar salomatligini mustahkamlashga, balki jamiyatda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish va sog‘lom avlodni tarbiyalashga xizmat qilishi ta’kidlandi.


O‘zbekiston Ekologik partiyasi tomonidan aholi salomatligini mustahkamlash, ekologik va tibbiy madaniyatni oshirishga qaratilgan bunday targ‘ibot tadbirlari kelgusida ham izchil davom ettirilishi belgilab olindi.


Abulqosim Bozorov,
O‘zbekiston Ekologik partiyasi Paxtaobod tuman Kengashi raisi
.

Scroll to Top