Ish vaqti: Dushanba - Juma 
Soat: 08:00-17:00

Bo‘ston tumanida 31-may — Xalqaro chekishga qarshi kurashish kuni munosabati bilan “Yoshlar aksiyasi” o‘tkazildi. Tadbir O‘zbekiston Ekologik partiyasi Bo‘ston tuman Kengashi raisi A. Jo‘rayev tashabbusi bilan Ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumida tashkil etildi.

Aksiya davomida talabalar va yoshlar ishtirokida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, zararli odatlardan, xususan chekishdan voz kechishning inson salomatligiga ijobiy ta’siri haqida keng qamrovli tushunchalar berildi.

Mutaxassislar tomonidan chekishning yurak-qon tomir tizimi, nafas olish organlari hamda umumiy salomatlikka yetkazadigan jiddiy zararli oqibatlari batafsil tushuntirildi. Shuningdek, yoshlarni sportga jalb etish, bo‘sh vaqtni mazmunli tashkil etish va sog‘lom hayot tarzini kundalik odatga aylantirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Tadbir doirasida ekologik madaniyatni yuksaltirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Atrof-muhitni asrash, tabiatga mehrli munosabatda bo‘lish va sog‘lom jamiyat qurishda yoshlarning faol ishtiroki muhim ekani ta’kidlandi.

Bunday targ‘ibot tadbirlari yoshlar ongida sog‘lom turmush tarzi madaniyatini shakllantirish, zararli odatlardan uzoq bo‘lish va ekologik mas’uliyatni kuchaytirishga xizmat qiladi.

Azamat Jo'rayev,
O‘zbekiston Ekologik partiyasi Bo'ston tuman Kengashi raisi

Scroll to Top