Marhamat tumani Mingtepa mahalla fuqarolar yig‘ini hududida O‘zbekiston Ekologik partiyasi Marhamat tuman Kengashi tomonidan jamoatchilik nazorati va monitoring tadbiri o‘tkazildi. Tadbirga tuman Kengashi raisi X. Zulfiev boshchilik qildi.
Mazkur o‘rganish jarayonida hududda amalga oshirilayotgan ijtimoiy va infratuzilmaviy loyihalarning holati atroflicha ko‘zdan kechirildi. Xususan, yangi qurilayotgan ko‘p qavatli turar-joy binolari qurilish jarayoni, chiqindilar uchun ajratilgan maxsus maydonning holati hamda kelgusida barpo etilishi rejalashtirilgan ekobog‘ uchun belgilangan hududning mavjud sharoitlari tahlil qilindi.

Monitoring davomida qurilish ishlarining ekologik me’yorlarga muvofiqligi, hududning sanitariya holati va obodonlashtirish talablariga rioya etilishi masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Aniqlangan ayrim holatlar yuzasidan mas’ullarga tegishli tavsiyalar berilib, ekologik talablarni buzmaslik, qurilish jarayonida atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytirish hamda belgilangan tartib-qoidalarga qat’iy amal qilish zarurligi yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi.
Shuningdek, aholi uchun qulay va sog‘lom yashash muhitini yaratish, yashil hududlarni kengaytirish hamda chiqindilarni to‘g‘ri boshqarish masalalari kelgusidagi ustuvor vazifalar sifatida qayd etildi.
O‘zbekiston Ekologik partiyasi tomonidan amalga oshirilayotgan bunday jamoatchilik nazorati tadbirlari hududlarda ekologik madaniyatni oshirish, qurilish va obodonlashtirish jarayonlarida ochiqlik va mas’uliyatni kuchaytirishga xizmat qilmoqda.
Xusanboy Zulfiyev,
O‘zbekiston Ekologik partiyasi Marhamat tuman Kengashi raisi
