Ish vaqti: Dushanba - Juma 
Soat: 08:00-17:00

Andijon shahrida suv manbalarini muhofaza qilish, atrof-muhit tozaligini ta’minlash hamda aholining ekologik madaniyatini yanada yuksaltirish maqsadida navbatdagi ekoreyd tadbiri tashkil etildi. Ushbu tadbir O‘zbekiston Ekologik partiyasi Andijon shahar Kengashi raisi Baxtiyor Sotvoldiev tashabbusi bilan amalga oshirildi.

Ekoreyd Andijon shahridagi Buvasa’din, Taxtako‘prik, Guliston, Birlashgan hamda Maorif mahalla fuqarolar yig‘inlari hududidan oqib o‘tuvchi Xo‘tanariq bo‘yida o‘tkazildi. Tadbir davomida mas’ullar, mahalla faollari hamda tegishli tashkilot vakillari ishtirok etib, hududning ekologik holati o‘rganildi.

O‘rganish jarayonida Xo‘tanariq bo‘ylarida chiqindi tashlash, suv havzalarining ifloslanishi va ayrim joylarda tartibsiz holatlarning oldini olish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Mutasaddilar tomonidan fuqarolarga suv manbalariga chiqindi tashlashning oqibatlari, bu holat ekologik muvozanatga, inson salomatligiga hamda hudud obodligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi haqida batafsil tushuntirishlar berildi.

Shuningdek, tadbir davomida aholi bilan ochiq muloqot o‘tkazilib, fuqarolarning fikr va takliflari tinglandi. Aholi vakillari tomonidan hududda tozalikni ta’minlash, chiqindi tashlash uchun maxsus joylarni ko‘paytirish hamda muntazam nazoratni kuchaytirish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Mas’ullar tomonidan ekologik madaniyatni shakllantirish faqatgina nazorat bilan emas, balki keng ko‘lamli targ‘ibot ishlari orqali ham amalga oshirilishi ta’kidlandi. Shu bois, mahallalarda aholi bilan tushuntirish ishlarini kuchaytirish, yoshlarni ekologik jarayonlarga jalb etish va tabiatni asrab-avaylash bo‘yicha targ‘ibotlarni davom ettirish zarurligi qayd etildi.

Tadbir yakunida Xo‘tanariq bo‘yida tozalikni saqlash, chiqindilarni nazorat qilish hamda suv havzalarini muhofaza qilish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni kuchaytirish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Baxtiyor Sotvoldiev,
O‘zbekiston Ekologik partiyasi Andijon shahar Kengashi raisi.

Scroll to Top