Asaka tumanida aholi o‘rtasida ekologik madaniyatni yuksaltirish, chiqindilarni to‘g‘ri boshqarish tizimini takomillashtirish hamda jamoat joylarida sanitariya holatini yaxshilash maqsadida O‘zbekiston Ekologik partiyasi Asaka tuman Kengashi tomonidan tuman Ekologiya bo‘limi bilan hamkorlikda ekoreyd o‘tkazildi.
Tadbir Asaka tumani “Istiqlol” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida amalga oshirilib, jamoat joylari hamda aholi gavjum hududlarda o‘rnatilgan chiqindi qutilarining mavjudligi, ularning texnik holati va foydalanish samaradorligi o‘rganildi. Mas’ullar tomonidan joylarda aniqlangan holatlar tahlil qilinib, zarur tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.

Ekoreyd davomida chiqindi qutilarining hudud tozaligini ta’minlashdagi o‘rni alohida ta’kidlandi. Ularni asrab-avaylash, chiqindilarni faqat belgilangan joylarga tashlash hamda bu borada fuqarolar mas’uliyatini oshirish masalalari yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi.
Shuningdek, hududlarda chiqindi tizimini yanada takomillashtirish, sanitariya holatini yaxshilash va aholining ekologik madaniyatini oshirish bo‘yicha fikr almashildi. Mutaxassislar tomonidan bu kabi nazorat va o‘rganish ishlari chiqindi bilan bog‘liq muammolarning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.
Tadbir yakunida O‘zbekiston Ekologik partiyasi tomonidan ekologik nazoratni kuchaytirish, aholi o‘rtasida targ‘ibot ishlarini kengaytirish hamda mahallalarda tozalik va obodonlikni ta’minlashga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilishi ta’kidlandi.
Sarvarbek To'xtasinov,
O‘zbekiston Ekologik partiyasi Asaka tuman Kengashi raisi
