Ish vaqti: Dushanba - Juma 
Soat: 08:00-17:00

Oltinko‘l tumanida O‘zbekiston Ekologik partiyasi tuman Kengashi tomonidan partiya g‘oyalarini keng targ‘ib etish, aholi va partiya a’zolari o‘rtasida ekologik mas’uliyatni oshirish hamda atrof-muhitni muhofaza qilish borasida dolzarb masalalarni muhokama qilish maqsadida davra suhbati tashkil etildi.

Tadbirda O‘zbekiston Ekologik partiyasi tuman Kengashi a’zolari, faollar hamda tegishli yo‘nalish vakillari ishtirok etdi. Uchrashuv ochiq muloqot shaklida o‘tkazilib, unda ekologik barqarorlikni ta’minlash, tabiatga ehtiyotkorona munosabatni shakllantirish va fuqarolarning ekologik ongini oshirish masalalari keng muhokama qilindi.

Davra suhbatida partiyaning asosiy maqsad va vazifalari, xususan, atrof-muhitni muhofaza qilish, yashil hududlarni ko‘paytirish, chiqindilarni to‘g‘ri boshqarish hamda ekologik muammolarning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar yuzasidan batafsil ma’lumot berildi.

Shuningdek, ishtirokchilar tomonidan hududlarda tozalikni ta’minlash, ekologik nazoratni kuchaytirish, aholining jamoatchilik faolligini oshirish hamda yoshlarni ekologik jarayonlarga keng jalb etish bo‘yicha fikr va takliflar bildirildi. Bildirilgan tashabbuslar atroflicha muhokama qilinib, ularni amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Tadbir davomida ekologik madaniyatni yuksaltirish har bir fuqaroning kundalik hayotdagi mas’uliyati ekani ta’kidlanib, bu boradagi targ‘ibot ishlarini yanada kuchaytirish zarurligi qayd etildi. Ayniqsa, mahallalarda tozalikni saqlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va atrof-muhitga zarar yetkazmaslik masalalari ustuvor yo‘nalish sifatida belgilab olindi.

O‘zbekiston Ekologik partiyasi tomonidan ekologik barqarorlikni ta’minlash, aholi o‘rtasida ekologik madaniyatni shakllantirish va partiya g‘oyalarini keng targ‘ib etishga qaratilgan bunday uchrashuvlar kelgusida ham izchil davom ettirilishi ta’kidlandi.

Iqboljon Burxonov,
O‘zbekiston Ekologik partiyasi Oltinko‘l tuman Kengashi raisi

Scroll to Top