Ish vaqti: Dushanba - Juma 
Soat: 08:00-17:00

Raqamli transformatsiya jarayonlari dunyo media makonining qiyofasini tubdan o‘zgartirmoqda. Axborot oqimining tezlashuvi, zamonaviy texnologiyalarning keng joriy etilishi hamda sun’iy intellekt imkoniyatlarining ortib borishi jurnalistlar, blogerlar va media sohasi vakillaridan yangi bilim va ko‘nikmalarni egallashni talab etmoqda. Shu maqsadda Andijon viloyatida tashkil etilgan "Media haftalik" doirasida media yo‘nalishidagi o‘quv-amaliy loyiha soha vakillari va yosh ijodkorlar uchun muhim bilim hamda tajriba almashish maydoniga aylanmoqda.

Loyiha doirasida jurnalistlar, blogerlar, matbuot kotiblari, media sohasi mutaxassislari hamda ushbu yo‘nalishga qiziqish bildirayotgan yoshlar bir maydonda jam bo‘lib, zamonaviy media tendensiyalari, axborot siyosati va innovatsion texnologiyalar bo‘yicha o‘z bilimlarini mustahkamlash imkoniyatiga ega bo‘lmoqdalar.

Mashg‘ulotlar davomida media savodxonlikni oshirish, sifatli va raqobatbardosh kontent yaratish, auditoriya bilan samarali muloqot olib borish, axborot xavfsizligini ta’minlash hamda zamonaviy jurnalistika tamoyillarini amaliyotga tatbiq etish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Tadbirning eng qiziqarli yo‘nalishlaridan biri sun’iy intellekt texnologiyalariga bag‘ishlandi. Mutaxassislar tomonidan sun’iy intellekt vositalaridan media faoliyatida foydalanish, kontent yaratish jarayonlarini takomillashtirish, ma’lumotlarni tezkor tahlil qilish hamda kreativ loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari yuzasidan amaliy tavsiyalar berildi.

Loyiha ishtirokchilari ham mashg‘ulotlarning amaliy ahamiyatini alohida e’tirof etmoqda.

— Media yo‘nalishidagi ushbu loyiha men kutganimdan ham ko‘proq bilim va ko‘nikmalarni bermoqda. Ayniqsa, jurnalistika sohasida zamonaviy yondashuvlarni qo‘llash, auditoriya bilan samarali ishlash va kontent yaratishning yangi usullarini o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘lyapmiz. Bugungi kunda sun’iy intellekt texnologiyalaridan media faoliyatida unumli foydalanish muhim ahamiyat kasb etmoqda. Treninglar davomida bu borada olgan bilimlarimiz kelgusidagi faoliyatimizda asqotishiga ishonaman. Eng muhimi, bunday uchrashuvlar bizni o‘z ustimizda yanada ko‘proq ishlashga, izlanishga va yangiliklarga intilishga undaydi, — deydi yosh ijodkorlardan biri Islombek Abdumutalibov.

Shuningdek, loyiha doirasida tajribali jurnalistlar va yosh ijodkorlar o‘rtasida ochiq muloqotlar tashkil etilib, sohadagi dolzarb masalalar muhokama qilinmoqda. Bu esa ishtirokchilarning nafaqat nazariy bilimlarini boyitish, balki amaliy tajriba almashishlari uchun ham keng imkoniyat yaratmoqda.

Bunday tashabbuslar media sohasi vakillarining kasbiy mahoratini oshirish, axborot madaniyatini yuksaltirish va yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Eng muhimi, ular zamonaviy axborot makonida muvaffaqiyatga erishish uchun zarur bo‘lgan bilim, tajriba va innovatsion yondashuvlarni shakllantirishga xizmat qilmoqda.

Andijonda davom etayotgan ushbu loyiha media sohasining bugungi va ertangi kuni o‘rtasida mustahkam ko‘prik vazifasini bajarib, yangi g‘oyalar, zamonaviy qarashlar va professional hamkorlik uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda.

MUHAMMADRASUL Mamatqulov,

O'z muxbirimiz

Scroll to Top