Baliqchi tumani Markaz mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan 54-sonli umumta’lim maktabida O‘zbekiston Ekologik partiyasi Baliqchi tuman Kengashi qoshidagi “Yosh ekologlar” qanoti tashabbusi bilan yoshlar ishtirokida sport aksiyasi tashkil etildi.
Mazkur tadbir yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, ularning jismoniy faolligini oshirish hamda ekologik madaniyatni yuksaltirishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi. Aksiya davomida o‘quvchilar turli sport musobaqalari va jamoaviy o‘yinlarda faol ishtirok etib, o‘zlarining chaqqonlik, hamjihatlik va faolliklarini namoyon etdilar.

Tadbir doirasida “Yosh ekologlar” qanoti faoliyati, uning maqsad va vazifalari hamda yoshlarning ekologik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan ishlar yuzasidan ham atroflicha ma’lumot berildi. Shuningdek, yoshlarning jamiyatdagi o‘rni va ularning ekologik jarayonlardagi ishtiroki alohida ta’kidlandi.
Uchrashuv davomida ishtirokchilar bilan atrof-muhitni asrash, tabiatga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish, chiqindilarni to‘g‘ri tashlash hamda ekologik ongni shakllantirish masalalari yuzasidan ochiq muloqot o‘tkazildi. Yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, mutaxassislardan zarur tavsiya va maslahatlar oldilar.
Ta’kidlanganidek, bunday uchrashuv va aksiyalar yosh avlodda ekologik tafakkurni rivojlantirish, ularni tabiatga mehrli va mas’uliyatli munosabatda bo‘lishga undashda muhim o‘rin tutadi. Ayniqsa, sport va ekologiyani uyg‘unlashtirgan tadbirlar yoshlarning faolligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston Ekologik partiyasi tomonidan yoshlar bilan ishlash, ularning ekologik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda sog‘lom va faol avlodni tarbiyalashga qaratilgan bunday tadbirlar kelgusida ham izchil davom ettirilishi qayd etildi.
Bekzodbek Tursunov,
O‘zbekiston Ekologik partiyasi Baliqchi tuman Kengashi raisi
