Ish vaqti: Dushanba - Juma 
Soat: 08:00-17:00

O‘zbekiston Ekologik partiyasi Xonobod shahar Kengashi tomonidan aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, inson salomatligini asrash hamda mehr-oqibat muhitini yanada mustahkamlash maqsadida ezgu tadbirlar izchil davom ettirilmoqda.

Jumladan, O‘zbekiston Ekologik partiyasi Xonobod shahar Kengashi raisi, deputat A. Aburaxmonov tashabbusi bilan Xonobod shahar ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi xodimlari hamkorligida navbatdagi xayriya aksiyasi tashkil etildi.

Mazkur aksiya doirasida Xonobod shahri “Bunyodkor” MFY, Feruza ko‘chasida istiqomat qiluvchi nogironligi bo‘lgan hamda salomatligida muammolari mavjud fuqarolar holidan xabar olindi. Tadbir davomida fuqarolarning yashash sharoitlari o‘rganilib, ularning salomatligi yuzasidan tibbiy ko‘rik va suhbatlar o‘tkazildi hamda mutaxassislar tomonidan kerakli tavsiya va maslahatlar berildi.

Shuningdek, aksiya davomida ehtiyojmand fuqarolarga bepul dori-darmon vositalari topshirilib, ularning sog‘lig‘ini tiklash va salomatligini mustahkamlashga amaliy ko‘mak ko‘rsatildi. Fuqarolar bunday e’tibor va g‘amxo‘rlikdan mamnun ekanliklarini bildirib, tashkilotchilarga minnatdorlik izhor etdilar.

Ta’kidlanganidek, jamiyatda mehr-oqibat, inson qadri va ijtimoiy birdamlik tamoyillarini mustahkamlashda bu kabi saxovat tadbirlari muhim o‘rin tutadi. Ayniqsa, nogironligi bo‘lgan hamda yordamga muhtoj insonlarni qo‘llab-quvvatlash orqali aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston Ekologik partiyasi tomonidan aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, ularning salomatligi va turmush farovonligini yaxshilashga qaratilgan bunday ezgu aksiyalar kelgusida ham davom ettiriladi.

Abdurahim Abdurahmonov,
O‘zbekiston Ekologik partiyasi Xonobod shahar Kengashi raisi

Scroll to Top