Ish vaqti: Dushanba - Juma 
Soat: 08:00-17:00

O‘zbekiston Ekologik partiyasi Ulug‘nor tumani Kengashi tomonidan hududlarda ekologik barqarorlikni ta’minlash, aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish hamda tomorqa va issiqxonalarda samarali faoliyatni yo‘lga qo‘yish maqsadida qator amaliy tadbirlar olib borilmoqda.

Jumladan, O‘zbekiston Ekologik partiyasi Ulug‘nor tumani Kengashi raisi I.Xayitboyev tomonidan Obod MFYning Yoshlik ko‘chasida joylashgan issiqxonalarda eko reyd tashkil etildi. Reyd davomida issiqxonalarda yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, xususan, pomidor ko‘chatlarini parvarishlash, sug‘orish jarayonlarini to‘g‘ri tashkil etish hamda agrotexnik talablarga amal qilinishi yuzasidan o‘rganishlar olib borildi.

Ta’kidlanganidek, bugungi kunda aholining sifatli va ekologik toza sabzavot mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirishda issiqxonalarning o‘rni beqiyosdir. Shu bois hududdagi issiqxona egalari tomonidan pomidor ko‘chatlarini muntazam parvarishlash, o‘z vaqtida sug‘orish va zarur agrotexnik ishlov berish ishlari izchil davom ettirilmoqda.

Shuningdek, eko reyd davomida hududning sanitariya holati, atrof-muhit musaffoligi ham alohida nazorat qilindi. Ko‘chalarda obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini samarali tashkil etish, sug‘orish tizimlarini tartibli yo‘lga qo‘yish bo‘yicha mas’ullarga tegishli tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.

Xususan, hududdagi ekologik muhitni yanada yaxshilash, yashil hududlarni saqlash hamda aholiga qulay va obod muhit yaratish maqsadida sug‘orish ishlari belgilangan tartib asosida olib borilayotgani qayd etildi. Amalga oshirilayotgan bunday tadbirlar natijasida ko‘chalarning ko‘rkamligi ortib, hududning ekologik qiyofasi yanada yaxshilanmoqda.

Bundan tashqari, eko reyd davomida fuqarolar bilan muloqot qilinib, suvdan oqilona foydalanish, chiqindilarni belgilangan joylarga tashlash, yashil hududlarni asrab-avaylash hamda ekologik madaniyatni oshirish yuzasidan targ‘ibot ishlari ham olib borildi.

O‘zbekiston Ekologik partiyasi tomonidan bu kabi amaliy tadbirlar hududlarda muntazam davom ettirilishi, ekologik muammolarning oldini olish hamda aholining sog‘lom va toza muhitda yashashini ta’minlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Ismoiljon Xayitboyev,
O‘zbekiston Ekologik partiyasi Ulug‘nor tuman Kengashi raisi

Scroll to Top