Ish vaqti: Dushanba - Juma 
Soat: 08:00-17:00

Andijon viloyatida yoshlar o‘rtasida jurnalistika sohasini ommalashtirish va iqtidorli yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekiston Jurnalistlar uyishmasi Andijon viloyat bo‘limi qoshida tashkil etilgan "Yosh jurnalistlar mahorat maktabi" tinglovchilari navbatdagi o‘quv jarayonlarini tamomladi.
​Mazkur o‘quv kursi davomida mashg‘ulotlar tajribali jurnalist Abduvali Qurbonov tomonidan olib borildi. Darslar davomida tinglovchilarga zamonaviy ommaviy axborot vositalarining ishlash tamoyillari, matn ustida ishlash metodikasi hamda axborot makonida professional faoliyat yuritishning o‘ziga xos xususiyatlari yuzasidan nazariy va amaliy bilimlar berildi.

​Mashg‘ulotlar yakunida to'garak rahbari Abduvali Qurbonov loyihaning ahamiyati haqida to‘xtalib, shunday dedi:
"Mazkur to‘garak 5 yildan buyon muntazam ravishda faoliyat yuritib kelmoqda. Bir yilda 2 marotaba tashkil etilayotgan ushbu to'garakda sohaga qiziquvchi yuzga yaqin yoshlarni qabul qilamiz va ular bilan tizimli dastur doirasida ishlaymiz. To'garak yakunida faqat eng iqtidorli, o‘z ustida doimiy ishlab, barcha talablarni bajara olgan o‘quvchilargagina sertifikat taqdim etiladi. Bu galgi bitiruvchilar ham mana shu elakdan o‘tgan eng munosib yoshlardir. Ishonamanki, ular tez orada media makonida o‘z so‘zini ayta olishadi."

​Tadbir davomida to'garak bitiruvchilari ham o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdilar.
​Mahorat maktabi o‘quvchilaridan biri Sarvinoz Hayitova shunday deydi:
"Ushbu mahorat maktabi biz uchun haqiqiy tajriba maydoni bo‘ldi. Ayniqsa, mahoratli jurnalist Abduvali Qurbonovdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri saboq olish, matn yozish va axborot yetkazishning eng muhim qoidalarini o‘rgandik. Bugun olgan sertifikatimiz kelajakdagi professional faoliyatimiz uchun katta poydevor vazifasini o‘taydi."

​O‘quv dasturini muvaffaqiyatli tamomlagan o‘quvchilarga O‘zbekiston Jurnalistlar uyishmasi Andijon viloyat bo‘limi tomonidan kursni bitirganliklari to‘g‘risidagi maxsus sertifikatlar tantanali ravishda topshirildi. Mazkur loyiha yurtimizda kelajakda malakali media mutaxassislarini tayyorlash tizimining muhim bosqichlaridan biri bo‘lib xizmat qiladi.

Muxlisa Egamberdiyeva,

Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti talabasi

Scroll to Top