Ish vaqti: Dushanba - Juma 
Soat: 08:00-17:00

O‘zbekiston Ekologik partiyasi Xo‘jaobod tuman Kengashi tomonidan tuman Ekologiya Milliy qo‘mitasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan jamoatchilik nazorati tadbiri doirasida Xidirsha MFY Bog‘bonlar ko‘chasida yashovchi fuqarolarning murojaati atroflicha o‘rganildi.

Ma’lumki, fuqarolar 2026-yil 8-may kuni “Bastion” ijtimoiy tarmog‘i orqali hududda yaqinda qurilgan g‘isht zavodidan taralayotgan badbo‘y hid yuzasidan norozilik bildirgan edi. Mazkur murojaat asosida mutasaddi tashkilotlar vakillari ishtirokida joyiga chiqib, nazorat tadbirlari olib borildi.

O‘rganishlar davomida ushbu zavod DONG SHENG MCHJga tegishli ekani hamda 2025-yil iyun oyidan boshlab Xitoy investitsiyasi asosida faoliyat yuritayotgani aniqlandi. Shuningdek, korxona faoliyatida ekologik qonunchilik talablariga to‘liq amal qilinmagani, xususan, chang-gaz va zaharli tutunlarni ushlab qoluvchi zamonaviy filtr hamda texnologik uskunalarsiz ishlab kelayotgani ma’lum bo‘ldi.

Nazorat tadbiri davomida atmosfera havosi zamonaviy “Ekolab” qurilmasi yordamida tekshirildi. Tahlil natijalariga ko‘ra, me’yordan ortiqcha zararli moddalar atrof-muhitga chiqarilayotgani qayd etilmadi. Biroq mavjud kamchiliklar ekologik talablarni yanada kuchaytirish zaruratini ko‘rsatdi.

Aniqlangan holatlar yuzasidan tadbirkorga davlat hisobiga 236 million so‘m miqdorida jarima qo‘llanildi. Shu bilan birga, korxonani qisqa muddatlarda zamonaviy filtr va ekologik himoya uskunalari bilan jihozlash bo‘yicha qat’iy ogohlantirish ham berildi.

Bugungi kunda ekologik xavfsizlikni ta’minlash, atmosfera havosini asrash hamda aholi salomatligini himoya qilish dolzarb masalalardan biridir. Shu bois jamoatchilik nazorati tadbirlari orqali fuqarolar murojaatlarining tezkor o‘rganilishi va muammolarning qonuniy yechim topayotgani muhim ahamiyat kasb etadi.

Fuqarolarning ekologik masalalarga befarq bo‘lmayotgani esa atrof-muhit muhofazasi borasidagi mas’uliyat va fuqarolik pozitsiyasi tobora ortib borayotganidan dalolat beradi.

Muxlisa Egamberdiyeva,

Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti talabasi

Scroll to Top