Ish vaqti: Dushanba - Juma 
Soat: 08:00-17:00

Bu savol asrlar davomida ko‘plab bahs va munozaralarga sabab bo‘lib kelmoqda. Aslida esa bola tarbiyasida ham ota-onaning, ham ustozlarning o‘rni beqiyosdir. Chunki barkamol avlodni tarbiyalash birgina insonning emas, balki oila, maktab va jamiyatning umumiy vazifasidir.

Bola hayotdagi ilk tarbiyani oiladan oladi. Uning fe’l-atvori, dunyoqarashi, odob-axloqi avvalo oiladagi muhit orqali shakllanadi. Ayniqsa, bolaning 6–7 yoshgacha bo‘lgan davri tarbiyada juda muhim hisoblanadi. Shu davr ichida yurish-turish, so‘zlashish madaniyati, kattalarga hurmat, kichiklarga mehr kabi insoniy fazilatlar bolaning ongiga singdiriladi.

Shu sababli oiladagi kattalar o‘z xatti-harakatlariga alohida e’tibor berishlari lozim. Farzand ota-onaning har bir gapini, har bir odatini kuzatadi va ularga taqlid qiladi. Qiz bolalar ko‘pincha onasini, o‘g‘il bolalar esa otasini o‘ziga qahramon deb biladi. Ularning kiyinishidan tortib, muomalasigacha o‘rnak oladi. Demak, ota-ona farzand oldida nafaqat tarbiyachi, balki namuna ham bo‘lishi kerak.

Maktab esa bolaning ikkinchi tarbiya maskanidir. Bu yerda ustozlar nafaqat bilim beradi, balki o‘quvchilarning ma’naviy kamolotida ham katta rol o‘ynaydi. Haqiqiy ustoz o‘zining odobi, madaniyati, bilimdonligi va adolati bilan bolalarga ibrat bo‘la oladi. O‘quvchi ko‘pincha ustozining gap-so‘zlari va hayotiy qarashlaridan ta’sirlanadi. Shu bois ustozlar ham o‘z mas’uliyatini chuqur his etishlari zarur.

Aslida bola tarbiyasida “kim muhimroq?” degan savoldan ko‘ra, “qanday qilib hamkorlik qilish kerak?” degan savol muhimroqdir. Chunki oila bergan tarbiyani maktab davom ettiradi, jamiyat esa uni mustahkamlaydi. Agar ota-ona, ustoz va mahalla bir maqsad yo‘lida hamjihat bo‘lsa, albatta, tarbiyali va komil inson voyaga yetadi.

Xulosa qilib aytganda, bola tarbiyasida ota-onaning ham, ustozlarning ham o‘rni teng darajada muhimdir. Farzand tarbiyasi — bu butun jamiyatning kelajagi demakdir. Shunday ekan, har bir inson yosh avlod tarbiyasiga befarq bo‘lmasligi kerak.

Feruza Jalolova,

Buxoro davlat unversiteti talabasi

Scroll to Top