Ish vaqti: Dushanba - Juma 
Soat: 08:00-17:00

Mamlakatimizda yoshlar bilan ishlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish, ularning muammo va takliflarini bevosita o‘rganish maqsadida haftaning payshanba kuni “Yoshlar kuni” sifatida keng nishonlanib, hududlarda yoshlar bilan ochiq va samimiy muloqotlar izchil tashkil etib kelinmoqda.

Ana shunday uchrashuvlardan biri Jalaquduq tuman politexnikumida yuqori saviyada o‘tkazildi. Mazkur tadbirda O‘zbekiston Ekologik partiyasi Andijon viloyat Kengashi raisi Xurshidbek Yusupov, Xalq deputatlari tuman Kengashi deputati Ergashvoy Qurbonov, “Nuroniy” jamg‘armasi tuman bo‘limi vakillari hamda qator hamkor tashkilotlar mutasaddilari ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida yoshlarning ta’lim sifati, bandligini ta’minlash, ularning ijtimoiy faolligini oshirish, bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish kabi muhim masalalar keng muhokama qilindi. Talaba-yoshlar o‘z fikr va tashabbuslarini erkin va ochiq tarzda bildirib, ayniqsa ekologiya yo‘nalishida — atrof-muhitni muhofaza qilish, chiqindilarni to‘g‘ri boshqarish, hududlarda yashil maydonlarni kengaytirish borasida qator dolzarb takliflarni ilgari surdilar.

Shu bilan birga, yoshlarga siyosiy savodxonlik va ekologik madaniyatni yuksaltirish maqsadida “Oila va tabiat” gazetasini muntazam mutolaa qilish tavsiya etildi. Bu esa yoshlarning dunyoqarashini kengaytirish, ularni atrof-muhitga mas’uliyatli munosabatda bo‘lishga undashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Bildirilgan barcha taklif va tashabbuslar mutasaddi tashkilotlar tomonidan alohida e’tibor bilan tinglanib, ularni amaliyotga joriy etish yuzasidan zarur tavsiyalar berildi. Shuningdek, yoshlarning innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash, ekologik loyihalarni kengaytirish va ekologik madaniyatni yanada yuksaltirish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri ekani ta’kidlandi.

Bunday ochiq va samimiy muloqotlar yoshlarning jamiyatdagi o‘rni va faolligini mustahkamlash, ularning muammo va tashabbuslariga befarq bo‘lmaslik, eng asosiysi, ularning ovozini eshitish va qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Muhammadrasul Mamatqulov,

Buxoro davlat uvnersiteti talabasi

Scroll to Top