O‘zbekiston Ekologik partiyasi Andijon viloyat Kengashi tashabbusi bilan, partiyaning Andijon shahar Kengashi hamda “O‘zsuvta’minot” AJ Andijon viloyat bo‘limi bilan hamkorlikda Andijon shahridagi Zahiriddin Muhammad Bobur mahalla fuqarolar yig‘ini hududida barpo etilayotgan yangi kanalizatsiya tarmoqlari yuzasidan jamoatchilik nazorati tadbiri tashkil etildi.
Mazkur nazorat jarayonida hududda olib borilayotgan qurilish ishlari atroflicha ko‘zdan kechirildi. Xususan, qurilishning borish sur’ati, bajarilayotgan ishlarning sifati, sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilishi hamda loyiha asosida belgilangan infratuzilma me’yorlariga mosligi sinchiklab o‘rganildi. Shu bilan birga, mazkur loyihaning aholi turmush darajasini yaxshilashga qanchalik xizmat qilayotgani ham alohida e’tiborga olindi.

Tadbir davomida mutasaddi tashkilotlar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilinib, mavjud holatga xolis baho berildi. Qurilish jarayonida yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan kamchiliklarning oldini olish, ish sifatini yanada oshirish hamda belgilangan muddatlarga qat’iy amal qilish yuzasidan mas’ullarga tegishli tavsiyalar berildi.
Jamoatchilik nazorati jarayonida mahalla fuqarolar yig‘ini raisi ham faol ishtirok etib, hudud aholisi nomidan o‘z fikr va mulohazalarini bildirdi. Aholining kundalik turmushiga bevosita ta’sir ko‘rsatadigan bunday infratuzilma loyihalarida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash muhimligi alohida ta’kidlandi.

Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan mas’ul tashkilot vakillariga aniq vazifalar yuklatilib, ularni qisqa muddatlarda bartaraf etish choralarini ko‘rish belgilab olindi. Shu bilan birga, kelgusida bu kabi loyihalarni amalga oshirishda ekologik talablar va zamonaviy standartlarga qat’iy amal qilish zarurligi qayd etildi.
Mazkur jamoatchilik nazorati tadbiri hududda ekologik holatni yaxshilash, aholiga qulay yashash sharoitlarini yaratish, zamonaviy kommunal infratuzilmani rivojlantirish hamda atrof-muhit muhofazasini ta’minlash yo‘lida muhim ahamiyat kasb etadi.
Baxtiyor Sotvoldiev,
O‘zbekiston Ekologik partiyasi Andijon shahar Kengashi raisi
