Baliqchi tumani Avesto mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan 50-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida O‘zbekiston Ekologik partiyasi hamda Ekologiya bo‘limi hamkorligida yoshlar ishtirokida ochiq muloqot va uchrashuv tashkil etildi. Tadbirning asosiy maqsadi yoshlar o‘rtasida ekologik madaniyatni yuksaltirish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda tabiatga bo‘lgan mas’uliyatli munosabatni shakllantirishdan iborat bo‘ldi.
Tadbirda O‘zbekiston Ekologik partiyasi Baliqchi tuman Kengashi raisi B. Tursunov hamda Ekologiya bo‘limi vakillari ishtirok etdilar. Uchrashuv davomida “Yosh ekologlar” qanoti faoliyati, uning oldiga qo‘yilgan maqsad va vazifalar, shuningdek, yoshlarning ekologik tashabbuslari va jamiyat hayotidagi o‘rni haqida batafsil ma’lumotlar berildi.

Muloqot jarayonida ishtirokchilar bilan atrof-muhitni muhofaza qilish, chiqindilarni to‘g‘ri boshqarish, daraxt va ko‘chatlarni asrab-avaylash hamda ekologik tozalikka rioya qilish kabi muhim masalalar yuzasidan fikr almashildi. Mutasaddilar tomonidan yoshlarning ekologik ongini oshirish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri ekani ta’kidlandi.
Shuningdek, yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan faol ishtirok etib, tabiatni asrash borasidagi taklif va tashabbuslarini bildirdilar. Ularning fikr-mulohazalari tinglanib, amaliy tavsiyalar berildi.
Tadbir yakunida bunday uchrashuvlarni muntazam ravishda o‘tkazish, yoshlarni ekologik loyihalarga keng jalb etish hamda ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash muhimligi qayd etildi. Mazkur kabi tadbirlar yosh avlodda ekologik madaniyatni shakllantirish va tabiatga mehr tuyg‘usini kuchaytirishga xizmat qilishi alohida ta’kidlandi.
Bekzodbek Tursunov,
O‘zbekiston Ekologik partiyasi Baliqchi tuman Kengashi raisi
