O‘zbekiston Ekologik partiyasi Asaka tuman Kengashi qoshidagi “Yosh ekologlar” qanoti tashabbusi bilan “Green Workout” nomli ekologik-sport aksiyasi tashkil etildi. Mazkur tadbirning asosiy maqsadi yoshlar va aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini ommalashtirish, ekologik madaniyatni yuksaltirish hamda tozalik va tartibga bo‘lgan mas’uliyatni kuchaytirishdan iborat bo‘ldi.
Tadbir ochiq havoda, tabiat qo‘ynida o‘tkazilib, unda faol yoshlar, mahalla vakillari hamda tashabbuskor fuqarolar ishtirok etdilar. Aksiya davomida ishtirokchilar jismoniy mashqlar bajarish, yengil sport mashg‘ulotlari va harakatli faoliyatlar orqali o‘z faolligini namoyon etdilar. Bu esa nafaqat sog‘lom hayot tarzini targ‘ib qilish, balki yoshlar o‘rtasida sportga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirishga xizmat qildi.

Tadbir doirasida shuningdek, hududni toza saqlash, chiqindilarni to‘g‘ri utilizatsiya qilish, tabiatga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish bo‘yicha targ‘ibot va tushuntirish ishlari ham olib borildi. “Yosh ekologlar” faollari tomonidan atrof-muhitni asrash har bir fuqaroning burchi ekani, ekologik mas’uliyat esa sog‘lom jamiyat poydevori ekani alohida ta’kidlandi.
Tashkilotchilar fikriga ko‘ra, “Green Workout” kabi tashabbuslar yoshlar ongida intizom, mas’uliyat va faol hayot tarzini shakllantirishda muhim o‘rin tutadi. Sport va ekologiyani uyg‘unlashtirgan bunday tadbirlar yosh avlodni nafaqat jismonan sog‘lom, balki ma’naviy yetuk shaxs sifatida tarbiyalashga xizmat qiladi.
Aksiya yakunida ishtirokchilar bunday tadbirlarni muntazam o‘tkazish, ekologik va sport tashabbuslarini yanada kengaytirish hamda yoshlar faolligini oshirish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdilar.
Sarvarbek To'xtasinov,
O‘zbekiston Ekologik partiyasi Asaka tuman Kengashi raisi
