O‘zbekiston Ekologik partiyasi Marhamat tuman Kengashi raisi, deputat X. Zulfiyev tomonidan Bobohuroson mahalla fuqarolar yig‘ini hududida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida barpo etilgan ekobog‘ning holati va ko‘chatlar parvarishi yuzasidan o‘rganish ishlari olib borildi.
Tadbir davomida ekobog‘ hududidagi yashil maydonlar, ekilgan manzarali daraxt va ko‘chatlarning holati ko‘zdan kechirildi. O‘rganish jarayonida ayrim archa va boshqa manzarali ko‘chatlar yetarli darajada parvarish qilinmagani, ayrimlari esa qarovsiz holatda qolganligi aniqlandi. Shuningdek, ko‘chatlarning rivojlanishi uchun ularni o‘z vaqtida sug‘orish, agrotexnik talablarga rioya etish muhimligi ta’kidlandi.

Mutasaddilar bilan o‘tkazilgan suhbat davomida ekobog‘ni barqaror saqlash, ko‘chatlarning qurib qolishining oldini olish hamda yashil hududlarni kengaytirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi. Tuman obodonlashtirish bo‘limi mas’ullari bilan bog‘lanilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan aniq topshiriqlar belgilandi.
Yakunida ekobog‘ hududida parvarish ishlarini muntazam yo‘lga qo‘yish, sug‘orish tizimini yaxshilash hamda “Yashil makon” loyihasi doirasida ekilgan ko‘chatlarni asrab-avaylash bo‘yicha tizimli ishlarni kuchaytirish zarurligi qayd etildi.
Xusanboy Zulfiyev,
O‘zbekiston Ekologik partiyasi Marhamat tuman Kengashi raisi
