“Xazon va shox-shabbalarni yoqish — ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘ladi!”
O‘zbekiston Ekologik partiyasi Xo‘jaobod tuman Kengashi tomonidan atrof-muhitni muhofaza qilish, atmosfera havosini ifloslanishdan saqlash hamda ekologik qonunchilikka rioya etilishini ta’minlash maqsadida navbatdagi ekoreyd tadbiri o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston Ekologik partiyasi Xo‘jaobod tuman Kengashi raisi X. Axmedov hamda tuman Ekologiya bo‘limi xodimlari ishtirok etib, dala maydonlari va aholi yashash hududlarida monitoring ishlarini olib bordilar. Reyd davomida xazon, shox-shabbalar hamda o‘simlik qoldiqlarini yoqish holatlari aniqlanib, ularning atrof-muhitga salbiy ta’siri yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi.

Mutasaddilar tomonidan fuqarolarga O‘zbekiston Respublikasining “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 20-moddasi hamda “Atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 4 va 24-moddalari talablari buzilgani batafsil tushuntirildi. Shuningdek, ushbu huquqbuzarlik holati yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 88-moddasi 3-qismiga muvofiq ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.
Tadbir davomida bunday holatlar nafaqat ekologik muammolarni keltirib chiqarishi, balki inson salomatligiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi ta’kidlandi. Shu bois aholi orasida ekologik madaniyatni oshirish, chiqindilarni to‘g‘ri boshqarish va ularni yoqmaslik borasida keng tushuntirish ishlari olib borildi.
Yakunida mutasaddilar tomonidan atrof-muhitni asrash har bir fuqaroning burchi ekani, ekologik qonunchilik talablariga rioya etish esa sog‘lom va toza muhit yaratishning muhim omili ekanligi yana bir bor eslatib o‘tildi.
Xusanboy Ahmedov,
O‘zbekiston Ekologik partiyasi Xo'jaobod tuman Kengashi raisi
