O‘zbekiston Ekologik partiyasi Qo‘rg‘ontepa tumani Kengashi tomonidan hududlarda ekologik nazoratni kuchaytirish, atrof-muhitni muhofaza qilish hamda sanitariya holatini yaxshilash maqsadida navbatdagi nazorat-reyd tadbiri tashkil etildi.
Tadbirda O‘zbekiston Ekologik partiyasi Qo‘rg‘ontepa tumani Kengashi raisi I. Dadaboyev hamda Ekologik partiya deputatlari ishtirok etib, Ustoz mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan tibbiyot birlashmasi faoliyati o‘rganildi.

Reyd davomida muassasada hosil bo‘layotgan tibbiy chiqindilarni yig‘ish, saqlash va utilizatsiya qilish tartibi batafsil ko‘zdan kechirildi. Mutasaddilar tomonidan chiqindilarni xavfsiz boshqarish, sanitariya-epidemiologik talablar va ekologik me’yorlarga rioya etilishi holati o‘rganilib, mavjud jarayonlar tahlil qilindi. Shu bilan birga, tibbiyot muassasasida yaratilgan sharoitlar, xususan, bolalar bo‘limidagi ish va xizmat ko‘rsatish holati ham ko‘zdan kechirildi.

O‘rganish jarayonida ayrim yo‘nalishlarda kamchiliklar aniqlanib, ularni bartaraf etish yuzasidan mas’ullarga tegishli tavsiyalar berildi. Shuningdek, tibbiy chiqindilarni belgilangan tartibda yo‘q qilish, ekologik xavfsizlikni ta’minlash hamda muassasa hududida sanitariya holatini yaxshilash bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilandi.
Tadbir yakunida mutasaddilar tomonidan bunday nazorat-reyd ishlarini tizimli davom ettirish, tibbiyot muassasalarida ekologik xavfsizlik talablariga qat’iy rioya etilishini ta’minlash hamda aholiga sifatli va xavfsiz tibbiy xizmat ko‘rsatish muhimligi alohida ta’kidlandi.
Ikromjon Dadaboyev,
O‘zbekiston Ekologik partiyasi Qo'rg'ontepa tuman Kengashi raisi
