Ish vaqti: Dushanba - Juma 
Soat: 08:00-17:00

O‘zbekiston Ekologik partiyasi Ulug‘nor tuman Kengashi tomonidan hududlarda partiya g‘oyalarini keng targ‘ib etish, shuningdek, amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar mazmun-mohiyatini aholiga yetkazish maqsadida navbatdagi targ‘ibot tadbiri tashkil etildi.

Tadbirda Xalq deputatlari Ulug‘nor tumani Kengashi deputati V. Avliyoqulov hududdagi saylovchilar bilan uchrashib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning PF-246-son Farmoni hamda 2025-yil 18-noyabrdagi “Ekologiya va turizm sohalarida aholi talablariga tezkor javob bera oladigan boshqaruv tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-217-son Farmoni mazmun-mohiyati yuzasidan batafsil tushunchalar berdi.

Uchrashuv davomida atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik madaniyatni yuksaltirish, tabiiy resurslardan oqilona va tejamkor foydalanish hamda sog‘lom ekologik muhitni shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Ta’kidlanishicha, ushbu farmonlar ekologiya va turizm sohalarida boshqaruv tizimini takomillashtirish, aholining talab va ehtiyojlariga tezkor javob berish imkonini yaratadi.

Shuningdek, partiyaning ustuvor g‘oyalari – tabiatni asrash, yashil hududlarni ko‘paytirish va ekologik mas’uliyatni oshirish masalalari yoshlar va aholi o‘rtasida keng targ‘ib qilindi. Ishtirokchilar tomonidan tozalik qoidalariga rioya qilish, atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish hamda jamiyatda faol fuqarolik pozitsiyasini kuchaytirish zarurligi alohida ta’kidlandi.

Ismoiljon Xayitboyev,
O‘zbekiston Ekologik partiyasi Ulug‘nor tuman Kengashi raisi

Scroll to Top